Soya o‘simligi nega ommalashmayapti?(+video)
Bugungi kunda dunyo dehqonchiligida katta maydonlarda joylashtirilayotgan soya o‘simligi bug‘doy, sholi, makkajo‘xoridan keyingi o‘rinni egallaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, soya dunyo mamlakatlarida 100 mln. gektarga yaqin maydonda yetishtirilib, yer shari aholisining 53 foizi faqatgina soya moyini iste’mol qiladi.
Biroq bizni davlatda ushbu shifobaxsh, oqsillarga boy o‘simlik unchalik ommalashmadi. Dastlab g‘o‘za oralariga ekib ko‘rildi, keyin esa keng maydonlarda yetishtirildi. Fermerlar bilan suhbatlashganimizda uni o‘rim-yig‘imida ishtirok etadigan o‘rim kombaynlari ushbu o‘simlikka moslashmagani tufayli hosilning bir qismi yo‘qotilayotgani aytishdi. Xullas, bugungi kunda ushbu soha tadqiqotlarga, olimlarning chuqur ilmiy o‘rganishlariga muhtoj.
Ushbu o‘simlikni rivojlantirish uchun bugun joylarda soya klasterlarini tashkil etish, agrotexnikasidan tortib, hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan jarayonlarni, qayta ishlash va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zanjirni barcha tumanlarda yaratish vaqti kelganga o‘xshaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra yurtimiz dalalarida 2022-yilda 52 708 gektar maydonda soya o‘rib olinib, salkam 70 ming tonna hosil ko‘tarilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib, 102 665 gektar maydonda 142.5 ming tonna hosil yig‘ishtirib olingan. Albatta, dunyo sanoatida katta o‘rin egallaydigan va yil sayin talab oshib borayotgan ushbu o‘simlikni yetishtirish hajmini yildan yilga oshirib borilishi e’tiborga molik. Biroq, bu sanoat darajasiga va eksport uchun yetarli ko‘rsatkichlar emas.
Bu borada olimlarimiz tomonidan serhosil va tuproq-iqlim sharoitimizga chidamli navlar ham yaratilmoqda. Xususan, Toshkent davlat agrar universitetida soyaning bir qator istiqbolli navlari ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti.
– Soya maydonlariga bugun yuqori hosil beradigan, oqsilli, moyli navlar kerak bo‘ladi, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti, qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori Gulchehra Tangirova. – 2009-yilda Koreya davlatidan olib kelingan yangi navni biz uzoq yillar davomida o‘rgandik va o‘rganish natijasida bu o‘simlikni O‘zbekiston sharoitiga juda tez moslashuvchanligini hisobga olib, chatishtirish orqali yangi “TDA-5” navini yaratdik. Bu o‘rtapishar nav. Doni tarkibida 23% moy hamda 42% oqsil borligi aniqlandi. Bu navni O‘zbekiston hududidagi barcha joylarga ekishga tavsiya beramiz.
Ushbu o‘simlik doni va oqsilidan to‘rt yuzdan ziyod turli xil mahsulotlar tayyorlanadi va ular xalq xo‘jaligining barcha sohalarida ishlatiladi. Soya inson organizmi tomonidan eng tez hazm bo‘lishi, zararsizligi bilan paxta va boshqa o‘simliklar moyidan ustun turadi.
Doni tarkibida 45% gacha oqsil va 25 foizgacha o‘simlik moyi saqlaydi. Shuningdek, hayvon oqsilida uchraydigan barcha almashlab bo‘lmaydigan aminokislotalar mavjud. Shuning uchun soya oqsilidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, turli xil go‘shtlar, ekologik toza sifatli moy, tuxum poroshogi olish mumkin. Uning oqsilidan qon plazmalari, ko‘z oynaklar uchun sifatli linzalar olinadi. Bundan tashqari jun-gazlamalar ishlab chiqariladi.
Soya uni qo‘shib tayyorlangan non mahsulotlari qotib qolmaydi va ular 4-5 kun davomida yumshoq bo‘lib turadi hamda faqat bug‘doy unidan pishirilgan nonlarga qaraganda ikki marta to‘yimli hisoblanadi.
Chorvachilikda soya mahsulotlari, eng sifatli va to‘yimli yem-hashak ozuqalari bo‘lib hisoblanadi. Donidan zavodlarda moy ajratib olingandan so‘ng, qolgan shroti tarkibida 14 xil aminokislota mavjud bo‘ladi.
Ana shu moddalar 3 kunlik jo‘jalar uchun aminokislotalarga boy ozuqa sifatida tavsiya qilinadi. Katta tovuqchilik fermalarida soya shroti bilan oziqlantirilganda ulardan olinadigan tuxum soni ortadi.
Soya oqsilidan ipakchilikda ham ozuqa sifatida foydalaniladi. Masalan, Yaponiyada bir yilda besh martagacha ipak qurti boqiladi. Bunda, soya oqsilidan suyultirilgan pastalar tayyorlanib, qurtlar oziqlantiriladi.
Bu o‘simlik tuproq unumdorligini oshirish borasida ham eng muhim ekinlardan biridir. Soya dukkakli o‘simlik sifatida o‘z ildizlari orqali havodan sof azotni o‘zlashtirib oladi va tuproqni azot bilan boyitadi. U bugungi kun dehqonchiligida eng muhim ekin bo‘lib, tuproq strukturasini yaxshilab, biologik unumdorlikni oshiradi, o‘zidan keyin tuproqda 55-60 kg miqdorda sof azot qoldirib ketadi. Soya ekilgan dalalarda tuproqning mikroflorasi yaxshilanadi, tuproqda biologik va ekologik tizim vujudga keladi.
Muxtasar qilib aytganda, soya yetishtirish bilan ikki muhim muammoni, birinchisi tuproqni biologik azot bilan boyitish, azotli o‘g‘itlarni kam sarflash orqali fermer xo‘jaliklarining samaradorligini oshirishga, ikkinchisi aholini eng sifatli, tarkibida inson uchun zararli moddalari bo‘lmagan o‘simlik moyi bilan ta’minlashga erishiladi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/VBIWhTE5lS8" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Doniyor Yakubov,
Ulug‘bek To‘xtayev(video), O‘zA