Soxta mo‘ylov: Bolalar internet nazoratini oson chetlab o‘tmoqda
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqot internetga kirishda yoshni tekshirish tizimi kutilganidek samara bermayotganini ko‘rsatdi. “Internet Mattars” tayyorlagan hisobotga ko‘ra, 9-16 yoshli bolalarning uchdan bir qismi so‘nggi ikki oyda cheklovni chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Hatto, bolalar orasida yuziga qalam bilan mo‘ylov chizib, sun’iy intellektga asoslangan tekshiruvni aldash holatlari qayd etilgan.
Tadqiqotga jalb qilingan o‘g‘il-qizlar yoshni tekshirish tizimini buzishning turli usullarini aytgan: soxta tug‘ilgan sana kiritish, boshqa shaxs hujjatidan foydalanish, video yordamida yuz ko‘rinishini almashtirish, o‘yinlar qahramonlari tasviridan foydalanish va hokazo. So‘rov ishtirokchilarining 46 foizi tizim sodda tuzilgani, 17 foizigina buzish qiyinligini ta’kidlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi hollarda ota-onalar ham jarayonda hozir. Ya’ni, 26 foiz so‘ralganlar farzandiga cheklovni chetlab o‘tishga ruxsat bergan, 17 foizi esa bevosita yordamlashgan.
Asosiy xulosa bolalarda ijtimoiy tarmoq, o‘yin yoki messenjerdan foydalanish istagi juda kuchliligi bilan izohlangan.
To‘g‘ri, 2025-yil kuchga kirgan Onlayn xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun ma’lum darajada natija bergan: foydalanuvchilarning 68 foizi ushbu platformada yangi xavfsizlik choralari mavjudligini sezgan. Baribir, muammo hamon dolzarb – bolalarning qariyb yarmi so‘nggi oyda zo‘ravonlik, haqiqatdan uzoq standart yoki nafrat uyg‘otuvchi ma’lumotga duch kelgan.
Mutaxassislar esa bola xavfsizligi choralari manbalarga boshidanoq joriy etilishi, ota-onalarga aniq yo‘riqnoma berilishi zarurligini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA