Soxta birja brokeri fuqaroni chuv tushirdi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatining xabariga ko‘ra, 1994 yilda tug‘ilgan, Romitan tumani Gazli shaharchasida yashovchi, “Gazlineftgazqazibchiqarish” MCHJ ishchisi fuqaro S.S. internet tarmoqlari orqali o‘zini “Gazprominvestxolding” birja brokeri deb tanishtirgan noma’lum shaxs bilan tanishadi.
Natijada ushbu shaxsning birjaga sarmoya kiritish va buning evaziga foyda olish taklifiga ishonib, 20 million so‘m pullarini sarmoya sifatida ushbu noma’lum shaxs aytgan internet tarmog‘idagi hisob raqamiga ko‘chiradi. Ammo keyinchalik aldanganligini bilib, ushbu shaxsni topib pullarini olishda yordam berishni so‘rab tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi.
Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Tezkor surishtiruv hamda dastlabki tergov harakatlari olib boriladi.
Tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Toshkent viloyati, Bekobod shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro T.D. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.
Zarif Komilov, O‘zA