Soxta aviachipta tayyorlaganlar qo‘lga olindi
Fuqarolarni Rossiya Federatsiyasiga jo‘natish uchun soxta aviachiptalar tayyorlab bergan firibgarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro S.S. va S.R. oldindan til biriktirib, fuqarolarni Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishga ruxsat etuvchi hujjatlarni tanishlari orqali olib berishga ishontirib, evaziga har biridan 1 300 AQSH dollari olib, “Buxoro-Jukovskiy” charter avia reysiga soxta chiptalarni tayyorlab bergani, buning uchun 17 nafar fuqaroning 22 ming 100 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan S.S. va S.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.