Xabar qilganimizdek, shu yilning 9 noyabr kunidan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida “So‘x voqealari” bo‘yicha 22 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.
Dastlabki tergov organi tomonidan ushbu shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayb e’lon qilingan. 9 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish va 13 nafariga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Joriy yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Batken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan.
Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.
[gallery-434]
Bugun ham “So‘x voqealari” yuzasidan sudya Tojiddin Vahobov raisligida sud ishi davom ettirildi. Dastlab himoyachi B. Mamajonov sudlanuvchilarga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritganligini ma’lum qildi. Chunki “uy qamog‘i” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan 13 nafar shaxs sudga So‘x tumanidan qatnamoqda. Sud mazkur masala bo‘yicha maslahatga kirdi va iltimosnomani rad etdi.
Hozirda sud tergovi boshlangan hamda sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari tinglanmoqda.
Sudlanuvchi Bahodir Shodiyev dastlabki tergovda o‘ziga qo‘yilgan ayblovga iqror bo‘lmagan. Uning aytishicha, ommaviy tartibsizlik ro‘y bergan kuni akasi shifoxonada davolanayotganligi uchun opasi bilan uni ko‘rgani bormoqchi bo‘lgan. Opasining uyi Chashma qishlog‘ida bo‘lib, u soat 14:30-15:00lar chamasi o‘sha yerga ketayotganda viloyat hokimi ishtirokida yig‘ilish bo‘layotganligini ko‘rgan xolos. Voqealarda umuman qatnashmaganligini bildirib o‘tdi. Shuningdek, ko‘rsatmasida 2018 yilda “Qayroq” massividagi yaylovda janjallashganini ma’lum qildi.
Sudlanuvchi Yodgor Jo‘rayev o‘z ko‘rsatmasida janjal sodir bo‘lgan kuni dalada bo‘lganligini, onasi kasal bo‘lib shifoxonaga tushib qolganligi sababli soat 18:00 larda tuman markaziy shifoxonasiga borganligini aytdi. U yerda “Chashma” bulog‘idagi janjalda jarohat olganlar va ularning yaqinlarini ko‘rgan. Ichki ishlar xodimlari shifoxonaga kelib, to‘planganlarni chiqarib yuborganligini aytib, janjalda qatnashmaganligini bildirdi. U dastlabki tergov organi so‘roqnoma bayonnomalarida ichki ishlar xodimlari kelgan avtobusga tosh otganligini, tuman IIB binosiga borganligi, shuningdek, amakisining o‘g‘li tan jarohati olib, shifoxonada yotganligi kabi holatlar bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglangach, advokatlar ularga savollar bilan murojaat qildi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA