So‘x tadbirkorlik rivojlangan hududga aylanadi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, viloyat sektor rahbarlari hamda boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari bilan birga So‘x tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Joylarda aholi bilan suhbatlashdi.
Viloyat hokimi dastlab Alisher Navoiy nomidagi yoshlar ilmiy-ijodiy markazi faoliyati bilan tanishdi. San’at va ijodga qiziquvchi yoshlar uchun olti yo‘nalishda mashg‘ulotlar olib borilayotgan markaz tuman xalq ta’limi bo‘limi ixtiyoridagi bo‘sh binoni ta’mirlab jihozlanishi natijasida barpo etilgan.
Markazda ijodiy mashg‘ulotlar bilan birga tuman maktablaridan fan olimpiadalariga qatnashuvchi o‘quvchilar uchun qo‘shimcha darslar tashkil etilgan. Markaz qoshida atoqli yozuvchilar hamda tumandan yetishib chiqqan taniqli shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil etilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat hokimi "Hazrati Ali" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilayotgan yoshlar kichik sanoat zonasini ham borib ko‘rdi. Mahalliy tadbirkorlar bilan muloqot davomida ko‘plab muammolar muhokama qilindi.
Yoshlar kichik sanoat zonasi 3 gektar maydonda tashkil etilmoqda. Bu yerda ayni paytda 40 dan ortiq loyiha amalga oshirilayotir. Umumiy qiymati 11 milliard 250 million so‘mdan ortiq bo‘lgan bu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida 250 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi. Sanoat zonasida tadbirkorlar uchun barcha zarur infratuzilma yaratilishi, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlarga har tomonlama ko‘mak berilishi belgilandi. 3 ta mahalla o‘rtasida joylashgan ushbu yoshlar kichik sanoat zonasi yaqinida ko‘p qavatli turar-joylar, sport maydonchalari qurilishi, buning natijasida hududda yangi sanoat shaharchasi paydo bo‘lishi qayd etildi.
– Tumanda tadbirkorlik muhitini yaratishimiz lozim. So‘x tadbirkorlik rivojlangan hududga aylanishi kerak, – dedi Xayrulla Bozorov.
“Qayroq-1” va “Qayroq-2” nasos stansiyalarida qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Viloyat rahbari ana shu jarayon bilan ham tanishdi.
[gallery-1129]
Qayroq massividagi suvsiz yerlarni o‘zlashtirish uchun qurilayotgan nasos stansiyasi loyihasining umumiy qiymati 92 milliard so‘m bo‘lib, 211 metr balandlikda joylashgan 1400 gektardan ziyod maydonni suv bilan ta’minlab, o‘zlashtirilishiga imkoniyat yaratadi. Yangi o‘zlashtiriladigan yerlar kooperatsiya tashkil etish yo‘li bilan 50 sotixdan hududda yashovchi ishsiz yosh oilalarga bo‘lib beriladi.
“So‘xgidroqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan stansiyaga 3 dona Germaniyada ishlab chiqarilgan nasos hamda 1800 kVt hajmdagi elektrodvigatel o‘rnatilib, So‘x daryosidan suv olish to‘g‘oni barpo etilmoqda.
Viloyat hokimi yangi yerlarning o‘zlashtirilishi So‘x tumanida ishsizlik masalasini hal etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, ob’ektni 6 oy ichida foydalanishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Ayni kunlarda tumanda zamonaviy savdo majmuasi qad rostlamoqda. Navro‘z bayrami arafasida ishga tushiriladigan mazkur savdo majmuasida 250 dan ziyod do‘kon joylashgan. Ularning har birida ikkitadan, jami 500 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, transport, ovqatlanish kabi xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida yana qo‘shimcha ish o‘rinlari shakllanadi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA