Vatanimiz tarixidagi 9 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1918 yil (bundan 106 yil oldin) – tarixchi Dilshod Komolovning yozishicha, Turkiston Republikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi qozi va biylar sudloviga tegishli ishlar yuzasidan dekret qabul qildi. Ushbu dekretda tomonlardan biri og‘zaki yoki yozma ravishda ishni bu sudlardan sovet sudlariga o‘tkazish haqida murojaat qilsa, bunday holatda ish bir hafta muddatda sovet sudlarida ko‘rib chiqilishi bayon etilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, qozilar sudi islom paydo bo‘lgan davrdan musulmon mamlakatlaridagi ayblovchi va ijro etuvchi asosiy davlat organi bo‘lgan. Ularga xalifalar va hukmdorlarning noibi hisoblanadigan qozilar boshchilik qilgan. Qozilar turli da’vo va janjallarni shariatga asoslanib hal qilganlar. O‘rta Osiyo hududidagi xonliklarda har bir dahada qozilar sudi bo‘lgan. Biylar sudi – shariat va urf-odatlarga tayanib ish ko‘radigan sud. Rossiya imperiyasi ma’muriyati Turkistonni bosib olgach, qozilar sudi bilan bir qatorda biylar sudini ham joriy etgan. Biylar sudi ko‘chmanchi aholi o‘rtasida ish olib borgan.
1920 yil (bundan 104 yil oldin) – sovet hukumati paxta sanoatini milliylashtirish (natsionalizatsiya qilish) haqida yangi dekret qabul qildi. Unga ko‘ra, respublikadagi paxta bozorlari yopildi va paxta hamda paxta urug‘ini sotish, sotib olish, saqlash qat’iy taqiqlandi. Mazkur buyruqni buzgan shaxslar sudga berilishi hamda ularning ixtiyoridagi paxta va paxta urug‘lari musodara etilishi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, mazkur dekretga binoan, xususiy shaxslar ixtiyoridagi barcha paxta tozalash mashinalari, dastgoh va qurilmalar davlat mulki deb e’lon qilinib, ularni tuman to‘qimachilik organlariga topshirish buyurildi.
1925 yil (bundan 99 yil oldin) – Farg‘ona vodiysida yer-suv islohoti rasman boshlandi. Dastlab islohotni yakunlash muddati 1926 yil 15 aprelga belgilangan. Keyinroq ish avj olgach, islohotni yakunlash muddati 20 martga, 1 martga, 20 fevralga va 5 fevralga o‘zgartirilgan. Islohot rasman 1926 yil 1 fevralda nihoyasiga yetkazildi. 1926 yilning 31 yanvar kuni “Pravda” va “Kambag‘al dehqon” gazetasi sonlarida Farg‘ona vodiysida yer-suv islohoti muvaffaqiyatli yakunlanganligi ma’lum qilindi.
Yer-suv islohoti o‘zining butun mohiyati bilan badavlat xo‘jaliklarni tugatish, o‘ziga to‘q xo‘jaliklarni cheklab qo‘yish va qishloqda sinfiy kurashni avj oldirishga qaratilgan edi. Bu yo‘l qishloq aholisining ko‘proq darajada bozorga qarab ish yuritadigan “quloq” xo‘jaliklarini o‘rinsiz ravishda cheklab qo‘yish, shuningdek, islohotni o‘tkazish paytida o‘ylamay-netmay va haddan oshib choralar ko‘rish bilan ifodalandi.
1933 yil (bundan 91 yil oldin) – faylasuf olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Mubinjon Baratov tavallud topdi (vafoti 2005 yil).
1938 yil (bundan 86 yil oldin) – O‘zbekiston tarixidagi birinchi ayol kinorejissyor, birinchi ayol animator, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Qamara Kamolova dunyoga keldi. Uning “Achchiq danak” filmi 1978 yilda Qohira kinofestivalining “Kumush Nefertiti” sovrini, 1979 yilda Fransiyaning Strasburg shahrida o‘tkazilgan kinofestival sovrini bilan taqdirlangan. Qamara Kamolova 2008 yilda Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.
1941 yil (bundan 83 yil oldin) – tarixchi Amriddin Berdimurodovning qayd etishicha, Toshkent shahrida Mixail Gerasimov tomonidan yaratiltan Temur, Shohrux va Ulug‘beklarning suratlarini muhokamadan o‘tkazib, qabul qilish maqsadida tuzilgan nufuzli komissiyaning yig‘ilishi bo‘ldi. Bu komissiyaga SSSRdagi taniqli olimlar jalb qilingan edi. Afsuski, Mixail Gerasimov tomonidan yaratilgan Amir Temurning qiyofasi o‘z vaqtida Sohibqiron bilan yuzma-yuz gaplashib, so‘ngra o‘z ko‘rganlarini yozib qoldirgan tarixchilar ta’riflariga mutlaqo mos kelmaydi.
Amir Temurni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, yetti yil uning saroyida istiqomat qilib, suhbatlariga musharraf bo‘lgan tarixchi Ibn Arabshoh Sohibqironni bunday tasvirlaydi: “Temur baland bo‘yli, tik qomatli, keng peshonali, kallasi katta, bag‘oyat kuchli va salobatli, oq-qizil yuzli, qo‘l-oyoqlari baquvvat, keng yelkali, barmoqlari yo‘g‘on, boldirlari semiz, qaddi-qomati kelishgan, sersoqol, o‘ng qo‘li bilan o‘ng oyog‘i zaxmdor, ikki ko‘zi bamisoli ikki sha’m, yo‘g‘on ovozli... bexato fikrli, fahm-farosatli, baxtiyor, ulug‘ligi o‘ziga yarashgan, qat’iy azm bilan so‘zlovchi, haqgo‘y kishi edi. U zimdan qarash va ko‘z ishoratlarini sezadigan, idrokli, sinchkov, har qanday ishoratdan ogoh kishi bo‘lib, yuz berishi mumkin bo‘lgan hamma ishni oldindan ko‘rib-bilib turar edi”.
1944 yil (bundan 80 yil oldin) – qadimiy buyumlar ishqibozi, olim, tarjimon va xattot Mirzo Barot Mulla Qosimov tomonidan ishlangan Ulug‘bek madrasasining chizmasi va lavhalar rassomning nabirasi Faxriddin Barotov tomonidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga sovg‘a qilindi. Atoqli olim va xattolikning mashhur ustasi sifatida tanilgan Mirzo Barot (vafoti 1888 yoki 1889 yil) Samarqanddagi birinchi rus-tuzem maktabining birinchi o‘qituvchilaridan bo‘lib, ona tili va husnixatdan dars bergan. Ish borasida u O‘rta Osiyoning tadqiqotchilari, rus olimlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan.
Tarixchi olim To‘rabek Saidqulovning yozishicha, Mirzo Barot ajoyib musavvir va xattot sifatida birinchilardan bo‘lib ranglarga aniq rioya qilgan holda Sherdor madrasasi, Bibixonim, Go‘ri Amir qabr toshlari, Shohi Zinda devoridagi va undagi qabr toshlaridagi hamma yozuvlardan ko‘chirmalar oldi. Jizzaxdagi “Temur darvozasi” qoyasidagi ikki yozuvdan ham ko‘chirma oldi. 1886 yili Mirzo Barot Ulug‘bek madrasasi chizmasini tayyorlab, Toshkent ko‘rgazmasiga qo‘ydi. Aynan shu ishlar keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga sovg‘a qilindi.
1992 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 9 bob, 53 moddadan iborat.
1992 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish haqida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq O‘zbekiston 1989 yil 20 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 44-sessiyasi qabul qilgan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shilindi.
2015 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 34 moddadan iborat.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Yangi O‘zbekiston» massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmonlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi