Vatanimiz tarixidagi 26 iyun sanasi bilan bog‘liq boshqa ayrim qiziqarli voqealar bayoni.
1194 yil (bundan 831 yil oldin) – Horazmshohlar taxtini 1172 – 1200 yillarda idora etgan sulton Alouddin Takash Iroq Saljuqiylarining poytaxti bo‘lgan Hamadonda taxtga o‘tirdi. “Rohat us-sudur” asarida qayd etilishicha, sulton Takash o‘sha yerda qolgan muddat ichida Hamadon atrofida bir oyda qurib bitkazilgan ov ko‘shkida katta bir rasmiy qabul tashkil qildi, hammaning dardlarini tingladi. Hamadon imomlarini va taniqli kishilarini hurmatlab, ularga iltifot ko‘rsatdi. Hamadondagi dabdabali marosimlardan keyin Xorazmshoh Gurganjga qaytib keldi.
1404 yil (bundan 621 yil oldin) – Kastiliya va Leon qiroli Don Enriko III tomonidan Samarqandga – Amir Temur saroyiga yuborilgan elchilar guruhi saltanatning yirik savdo shahri hisoblangan Sultoniyaga yetib keldilar. Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi elchilar Sultoniyada Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh Mirzo qabulida bo‘lishgan.
1896 yil (bundan 129 yil oldin) – Rossiya imperiyasi saroy maslahatchisi Pyotr Ratmanov tomonidan Xiva yo‘nalishida temir yo‘l qurish to‘g‘risidagi loyiha hukumatga taqdim etildi. Tarixchi Tolib Safarovning qayd etishicha, bunday loyihalarning barchasi asosan bitta maqsadga, ya’ni Xiva xonligi hududidan ko‘prok xomashyoning tashib ketilishiga shart-sharoit yaratishga qaratilgan edi.
1916 yil (bundan 109 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorining shu kungi buyrug‘ida mutasaddilarga zudlik bilan mahalliy aholidan kimlarga sovuq va o‘qotar qurollar sotib olib, egalik qilishga ruxsat berilganini aniqlash vazifasi topshirildi. O‘z navbatida, mazkur buyruqda mahalliy aholidan barcha qurollar darhol musodara qilinib, davlat hisobiga olib qo‘yilishi ko‘rsatib o‘tilgan edi.
1926 yil (bundan 99 yil oldin) – O‘zbekiston sement sanoatining to‘ng‘ichi – Xilkova sement zavodi (hozirgi “Bekobodsement”) ishga tushdi. U 1913 yilda qurila boshlangan edi.
1940 yil (bundan 85 yil oldin) – SSSR Oliy Soveti Prezidiumining “Sakkiz soatlik ish kuni, yetti kunlik ish xaftasiga o‘tish va ishchi-xizmatchilarning ish joylaridan ruxsatsiz ketishlarini ta’qiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu farmon bilan sovet hukumati ishchi, xizmatchi va mehnatkashlarli ish joylariga ipsiz bog‘lab quyib, kichik xato (ishga kechikish, kasal bo‘lib qolish va h.k.)lar evaziga ishdan ketishga yoki turli xil ma’muriy jazolar (jarimalar va h.k.) o‘tashga majbur qilgan. Farmonga muvofiq, ishga kechikib kelganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilgan. Mazkur farmonni amalga oshirish natijasida milliy sanoat qurilishi sohasidagi minglab ishchilar va texnik xodimlar turmalarga tashlanib, mahbuslarga aylantirildi.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakatda ishchilar va xizmatchilar uchun ishdan tashqari vaqtda majburiy ishlab berish joriy etildi. Katta yoshdagilar uchun ish kuni olti kunlik ish haftasida 11 soatgacha uzaytirildi, aslida ish kuni 12–14 soatga cho‘zilardi. Ta’tilga chiqish bekor qilindi. Bu hol ishchi-xizmatchilar sonini ko‘paytirmasdan turib ishlab chiqarish quvvatlari hajmini taxminan uchdan birga oshirish imkonini berdi.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – toshkentlik 1551 xotin-qiz armiya safiga kabul qilishlarini, frontda jang qilish istagini bildirib ariza berdi.
1964 yil (bundan 61 yil oldin) – O‘zbekistonda birinchi marta Toshkent dengizi (Tuyabo‘g‘iz suv ombori)da dengiz paradi o‘tkazildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston SSJ Fanlar akademiyasining Astronomiya institutiga Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – Italiyaning Florensiya shahridagi “Forteza da Basso” qo‘rg‘onida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “Sheriklik va Hamkorlik” to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Mazkur bitim 1999 yilning 1 iyulidan kuchga kirgan. Bitimning 1999 yilgacha amaliyotga tadbiq etilmaganinining sababi shundaki, bitim Yevropa Ittifoqiga a’zo har bir mamlakat parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilmagunga qadar to‘la kuchga kirmaydi. Ushbu bitimni eng oxiri bo‘lib Fransiya parlamenti tasdiqlagan.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – Koreya Respublikasining o‘n beshinchi asrda qirol Sejon ta’sis etgan oliy mukofoti – “Oltin Yulduz” ordeniga birinchi marta o‘zga davlat fuqarosi – o‘zbekistonlik rassom Nikolay Shin (1928–2006) sazovor bo‘ldi. Uning 75 ta asari Seulning zamonaviy san’at milliy muzeyi zallarida namoyish etildi.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov bir guruh tarixchi olimlar, jurnalistlar, ijodiy xodimlar bilan uchrashdi. Mazkur suhbatda favqulodda boy va betakror tariximizning uzoq va yaqin davrlari, bosqichlari, dolzarb mavzulari, muammolari haqida konseptual xarakterdagi fikr va g‘oyalar bildirildi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Estrada qo‘shiqchilik san’atini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “«Ilg‘or fermer», «Mehnatkash dehqon» va «Namunali tomorqachi» ko‘krak nishonlarini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlarini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA