Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish, iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga, shuningdek, yod yetishmasligi kasalliklarini profilaktika qilish va ularning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, talon-toroj qilganlik, ichki ishlar organlari xodimining va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaslik uchun jazo choralarini kuchaytirish, shuningdek, savdo sohasida iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, iste’mol bozorini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirishga doir choralar ko‘rish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Shu bois, mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga energiya resurslarini oz miqdorda talon-toroj qilish hamda ichki ishlar organlari xodimining va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga sotuvchilarni oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishga undaydigan normalarni belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Ta’kidlanganidek, 2024 yilda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga iste’molchilardan kelib tushgan 30 mingdan ortiq murojaatning 4 ming 213 tasida sotuvchilar tomonidan tovarlar (avtomobil, maishiy texnika, tayyor ovqat, mebel va boshqalar) kelishilgan muddatlarda yetkazib berilmaganidan norozi bo‘lgan.
Bundan tashqari, birgina avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalarda ko‘rsatilgan muddatlarga rioya etilishi tizimli ravishda o‘rganilganda 5 ming 332 holatda sotuvchilar tomonidan avtomobillarni yetkazib berish muddatlari buzilishi aniqlangan.
Qonun bilan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni iste’molchiga yetkazib bermagan taqdirda sotuvchi kechiktirilgan har bir vaqt birligi (shartnomada ko‘rsatilgan daqiqa, soat, kun) uchun majburiyatning bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida iste’molchiga penya to‘lashi, biroq bunda penyaning umumiy summasi topshirilmagan tovar bahosidan oshib ketmasligi kerakligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunga mamlakatimizda faqat yodlangan osh tuzi ishlab chiqarilishini, olib kirilishini va realizatsiya qilinishini, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda yodlangan tuzdan majburiy tarzda foydalanilishini, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining osh tuzini hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashga, yodlangan tuzning muomalasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini belgilash sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun mamlakatimizda qonun ustuvorligini, iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha huquqiy asoslarni yaratishga, shuningdek, aholining sog‘lig‘ini saqlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA