Sopollitepadan 4000-yillik pilla parchasi topildi
Markaziy Osiyo tarixini o‘zgartiradigan va dunyo ilm-fanini hayratga solgan navbatdagi kashfiyot e’lon qilindi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti olimlari Ahmadali Asqarov va Farhod Maqsudov boshchiligidagi jamoa hamda xalqaro tadqiqotchilar guruhi Surxondaryo viloyatida joylashgan Sopollitepa yodgorligidan topilgan uchta pilla parchasini zamonaviy mikromorfologik va proteomik tahlillardan o‘tkazdi.
Natijalar esa barchani hayratda qoldirdi: topilmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xonaki ipak qurtiga tegishli ekani to‘liq tasdiqlandi. Ushbu ulkan ilmiy yutuq natijalari dunyoning eng nufuzli ilmiy nashrlaridan biri bo‘lmish "Science Advances" jurnalida chop etildi.
Radiokarbon tahlillariga ko‘ra, bu topilmalar miloddan avvalgi 1940–1765-yillarga, ya’ni bundan qariyb 4000-yil oldingi davrga tegishli bo‘lib, hozircha ilm-fanga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi xonaki ipak qurti pillalari hisoblanadi. Tadqiqot davomida ushbu hududdan eng qadimgi tut daraxti qoldiqlari ham aniqlandi. Ma’lumki, tut bargi Bombyx mori qurtining asosiy ozuqasi sanaladi.
Pilla va tut qoldiqlarining bir madaniy qatlamda uchrashi qadimgi ajdodlarimiz tayyor mahsulotni shunchaki chetdan olib kelmaganini, balki Markaziy Osiyoda ipakchilik an’anasi va texnologiyasi taxmin qilinganidan naq ikki ming yil oldin, ya’ni bronza davridayoq mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ushbu topilmalar "Buyuk ipak yo‘li miloddan avvalgi II asrda paydo bo‘lgan" degan klassik ilmiy xulosani inkor etmaydi, chunki Buyuk ipak yo‘li — muayyan siyosiy, iqtisodiy va karvon yo‘llari tizimiga berilgan keyingi tarixiy nomdir. Biroq Sopollitepa materiallari ipak, ipak qurti va ipakchilik bilimlarining Yevroosiyo bo‘ylab harakati tarixiy Buyuk ipak yo‘li shakllanishidan qariyb ikki ming yil avval boshlanganini isbotladi.
Demak, Ipak yo‘li bo‘sh joyda paydo bo‘lmagan, uning zamini bronza davridayoq shakllangan qadimgi almashinuv yo‘llari hamda ajdodlarimizning ilg‘or texnologiyalariga borib taqaladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA