SOP29 sammiti: Ozarbayjonning mintaqadagi obro‘si oshmoqda
Ozarbayjon bugungi kunda mintaqadagi asosiy diplomatik kuchlardan biriga aylangan. Bir necha qo‘shni davlatlar qatori boshqa mintaqalardagi mamlakatlar ham tashqi siyosatda “Ozarbayjon modeli”ga qiziqish bildirmoqa. Bu uslub jahon darg‘alari ishtirokidagi ziddiyatlarda ishtirok etmaslik, milliy manfaatlar ta’minlangan holda tashqi siyosat yuritishni ko‘zlaydi.

Qo‘shilmaslik harakatiga rahbarlik davrida Ozarbayjon turli mamlakatlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajardi, ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar yuksalishiga salmoqli hissa qo‘shdi. Tabiiyki, bu mamlakat ichkarisidagi barqarorlikning asosiy kafolatidir. Prezident Ilhom Aliyev rahbarligidagi mantiqiy, pragmatik, izchil, oqilona va ko‘p qirrali boshqaruv falsafasi mamlakatni xalqaro tadbirlar markaziga aylantirdi. Jahon miqyosidagi anjumanlar poytaxt Bokuda va boshqa shaharlarda muvaffaqiyatli o‘tkazilishi buning yaqqol tasdig‘idir.
Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy konvensiyasi 29-sammitida xalqaro miqyosda iqlim inqirozining oldini olishga qaratilgan yangi strategiya ishlab chiqiladi, mavjud kelishuvlar holati o‘rganiladi. Zero, Ozarbayjon so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda olib borilgan global chora-tadbirlardagi faolligi, muayyan ekologik loyihalari bilan dunyo e’tiborini o‘ziga qaratmoqda.
Neft va gazga boy o‘lka sifatida tanilgan bo‘lsa-da, so‘nggi payt respublika qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish va ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadamlar tashladi. Mamlakatning iqlim strategiyasi doirasidagi asosiy maqsadlaridan biri uglerod gazini kamaytirish va 2030 yilgacha energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan manbalar ulushini keskin oshirishdan iborat. Shu bois yashil energetika – shamol va quyosh energiyasi ishlab chiqarishga yo‘naltirilayotgan sarmoya miqdori muntazam oshirilmoqda. Xususan, Kaspiy dengizi shamolidan foydalanish bilan bog‘liq loyihalar sektor rivojida yangi sahifa ochmoqda.
Parij iqlim kelishuviga qo‘shilgan va keyingi 6 yil mobaynida bug‘lanuvchi gazi emissiyasini kamaytirish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan Ozarbayjon bu borada qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, chiqindini boshqarish va suv manbalarini muhofaza qilishga ham jiddiy e’tibor berilmoqda. “Iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy strategiyasi” doirasida ekotizimni muhofaza qilish, o‘rmon maydonini kengaytirish, shuningdek qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashish siyosati ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Navbatdagi SOP sammiti Janubiy Kavkazning yetakchi o‘lkasi uchun xalqaro miqyosdagi ekologik siyosatini taqdim etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlarini namoyish etish uchun muhim va strategik platformadir.
Xullas, Ozarbayjon qayta tiklanadigan energiya sohasida yangi xalqaro aloqalar o‘rnatishni maqsad qilgan. Yevropa va Osiyo bilan energiya tranziti, ekologik loyihalar almashinuvi ayni yo‘nalishda muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, yashil diplomatiyaga o‘tish, SOP tadbirlari Ozarbayjon uchun faqat ekologik siyosat emas, balki geosiyosiy jihatdan ham muhim ahamiyatga molik. Zuyero, mazkur sammit mamlakatga yangi ekologik yondashuvlarni ilgari surish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda faol pozitsiyani namoyish qilish imkonini yaratadi.
Mikoyil Mirzazoda,
“Ege Group” ta’lim tashkiloti ta’sischisi va rahbari