Bugun Sirdaryo viloyatidagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Ilm - eng buyuk sharaf” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bayramona va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Guliston shahridagi 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat rahbari bitiruvchi o‘quvchilarni tabriklar ekan, Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan murojaatnomani o‘qib eshittirdi. Shuningdek, faol o‘quvchilar va o‘qituvchilarga esdalik sovg‘alari hamda kitoblar to‘plamini topshirdi. U o‘z so‘zida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan va vatanparvar yosh avlodni tarbiyalash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Joriy 2024/2025 o‘quv yili yakuniga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida 10 854 nafar o‘quvchi umumiy o‘rta ta’limni muvaffaqiyatli yakunladi. Guliston shahridagi 15-sonli maktabni esa 106 nafar o‘quvchi bitirmoqda. Viloyatdagi 324 ta maktabda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda, katta hayajon va quvonch bilan nishonlandi.
Tadbir doirasida ta’lim tizimidagi islohotlar, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish, infratuzilmani yaxshilash va yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-23572]
Erkinjon Turdimov ta’lim sohasidagi yutuqlarga to‘xtalar ekan, jumladan shunday dedi:
— Viloyatimizda 312 ta davlat maktabi, 17 ta nodavlat ta’lim muassasasi va 10 ixtisoslashtirilgan, 1 ta ijod va 1 ta Prezident maktabi faoliyat yuritmoqda. 2020–2025 yillar davomida 8 ta yangi maktab qurildi, 55 ta ta’lim maskani rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, Prezident maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari tashkil etildi. Bu yoshlar uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlari kengayib borayotganining yaqqol isbotidir.
Asosiysi, oliy ta’limga qamrab olish darajasi yil sayin ortib bormoqda. Bu yil bitiruvchilar qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Eng quvonarlisi, 1 917 nafar o‘quvchi xalqaro va milliy til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi, 67 nafar bitiruvchi davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi, 38 nafar o‘quvchi xorijiy oliygohlarda tahsil olish huquqiga ega bo‘lishdi, 176 nafar o‘quvchi oltin, 20 nafar o‘quvchi esa kumush medal bilan taqdirlandi, Xalqaro fan olimpiadalarida 2 ta oltin va 4 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.
Tadbirda yoshlar mamlakat kelajagi ekanligi, ular jamiyat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida ulkan mas’uliyat va ishonch bilan ulg‘ayotgani ta’kidlandi. Shu bois, yoshlar uchun munosib ta’lim va tarbiya, keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” marosimi bitiruvchilar uchun maktab hayoti bilan xayrlashish va kelajakka yangi qadam qo‘yish, mustaqil hayotga dadil kirib borishning ramziy sanasi sifatida tarixga muhrlandi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat) , O‘zA