Farzandining yutug‘i, bilimi va tarbiyasidan faxrlanish xalqimizga xos fazilat. Shu bois bizda o‘g‘il-qizi yaxshi ustozdan saboq olishi, zamonaviy ta’lim maskanida o‘qishi uchun ota-ona bor imkoniyatini ishga soladi. Eng muhimi, kelajak avlodni tom ma’noda yetuk, zukko etib kamolga yetkazish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida.
Mustaqillik tufayli xalqimizning asriy orzulari ro‘yobga chiqdi. Ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni kamolga yetkazish uchun ta’lim sohasi tubdan isloh qilinmoqda. Давлатимиз rahbari tomonidan inson kapitalini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim tizimining har bir bosqichida sifat ko‘rsatkichini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Milliy axborot agentli – O‘zA muxbirining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev bilan suhbati sohani isloh qilish jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish xususida kechdi.
– Ta’lim tizimini rivojlantirishda nodavlat muassasalarga keng yo‘l ochish muhim ahamiyatga ega. Shunday tashkilotlar faoliyatini kengaytirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda har qanday mamlakatning iqtisodiy va ma’naviy rivojlanishi ma’lum darajada ta’lim sifati bilan belgilanadi. Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridan boshlab ta’lim muassasalarida sifat va samaradorlikni oshirishga birinchi galdagi vazifa sifatida qarab kelayotgani bejiz emas.
Hukumatimizning 2017 yil 18 iyuldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil qilindi.
Inspeksiya zimmasiga qator mas’uliyatli vazifalar yuklandi. Jumladan, yurtimizdagi nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish huquqi ham. Nodavlat ta’lim sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish yo‘lida xalqaro tajribadan kelib chiqib yangicha taomil ishlab chiqildi. Masalan, tadbirkorlik sub’ektidan ortiqcha hujjat talab qilmaslik, vaqt, mablag‘ sarfini kamaytirish uchun tegishli hujjatlarni berish jarayonini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflik ta’minlanyapti. Litsenziya uchun talabgorlar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar soni 9 tadan 5 taga qisqartirildi.
Hozirgacha Ta’lim inspeksiyasi tomonidan belgilangan talabga javob bergan 4 mingdan ortiq sub’ektga litsenziya rasmiylashtirildi. Natijada, nodavlat ta’lim tashkilotlari soni bugungi kunga kelib 5678 taga yetdi, ya’ni so‘nggi besh yilda qariyb 11 barobar oshdi.
Ma’lumki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida 2026 yilgacha nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarini 50 taga yetkazish vazifasi belgilangan. 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 13 nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga litsenziya berildi va ayni payt umumiy son 47 tani tashkil etmoqda. Hozirgacha nodavlat oliy ta’lim tashkiloti bo‘lmagan Qashqadaryo, Namangan, Samarqand viloyatlarda ham joriy yil xususiy institutlar ish boshladi.
– Oliy ta’lim muassasalari attestatsiyasi va akkreditatsiyasi mavzusiga ham to‘xtalsangiz.
– bugungi globallashuv sharoitida o‘zbek yoshlarining xalqaro mehnat va ta’lim bozorida erkin mobilligi hamda oliy ta’lim muassasalarining xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu bir tomondan sifatni oshirish va tan olish tizimini takomillashtirishni taqozo etsa, boshqa tomondan O‘zbekiston ham xorijiy ta’limni tan olish bo‘yicha xalqaro normativ-huquqiy me’yorlarga rioya qilishini talab etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, so‘nggi to‘rt yilda yoshlarimizni oliy ta’limga qamrab olish darajasi keskin oshdi. Nufuzli xorijiy universitetlar filiallari, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari ochildi, viloyatlarda bir qator oliygohlar filiallari tashkil etildi. Natijada oliy ta’limda qamrov 2.5 barobar oshib, 28 foizga yetdi. Bu darajadagi o‘sish sifatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shundan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ta’lim tashkilotini akkreditatsiyalashning yangi, institutsional tizimi joriy etildi. Janubiy Koreya, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yevropa Ittifoqi, ENQA xalqaro sifat agentligi tajribasi asosida takomillashtirilgan ushbu tizim xalqaro tan olingan ISO 9001/29990 va Yevropa Ittifoqi standarti (ESG)ga uyg‘unlashtirildi.
Natijada Yevropa ta’lim kafolati agentliklari tizimi - ENQA hamda Oliy ta’limda sifatni ta’minlash Yevropa reyestri - EQAR a’zosi bo‘lishga va ENIC-NARIC xalqaro ta’lim sifati axborot tarmog‘iga kirish imkoni paydo bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda o‘qib olingan ta’lim kvalifikatsiyasi xalqaro maydonda tan olinishini ta’minlaydi.
Ta’limni isloh qilishda pedagogning kasbiy mahoratini oshirish, bilim saviyasini baholash muhim. O‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazish tizimida qanday o‘zgarishlar yuz beryapti?
– Malaka toifasi berish jarayonini adolatli va shaffof tashkil etish maqsadida o‘qituvchining real vaqt rejimida kompyuter orqali test topshirishi yo‘lga qo‘yildi. Jarayon keng sig‘imli binoda kuzatuv kameralaridan foydalangan holda tashkil etilyapti. Toifa pillapoyasidan ilgarilashda faqat bilim va faoliyat natijadorligi talab qilinadigan bo‘ldi.
Yana bir yangilik: navbatdagi toifaga o‘tish uchun 5 yillik muddat cheklovi olib tashlandi. O‘z ustida ishlaydigan va malakali o‘qituvchi endi har yili ikki martagacha toifa sinovida ishtirok etishi mumkin. O‘qituvchidan talab qilinadigan hujjat soni 9 tadan 3 tagacha qisqartirildi. Pedagog kadrlarga attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risida qog‘oz shaklida sertifikat topshirish amaliyoti bekor qilinib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qo‘yilgan elektron sertifikat berish tartibi joriy etildi. Joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan attestatsiya jarayoni yakuniy natijasiga ko‘ra, 278 ming 779 pedagog attestatsiyada ishtirok etdi.
– Xorijiy diplomni tan olish borasida nima yangilik joriy etildi?
– YUNESKO tahliliga ko‘ra, dunyo bo‘ylab olti million talaba chet elda tahsil oladi va bu raqam 2025 yilga borib sakkiz millionga yetishi mumkin. 2015 yil o‘zbekistonlik 28 ming yosh xorijda ta’lim olgan bo‘lsa, bugun bu son 53 mingga yetdi.
Yildan yilga xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan yoshlarimiz soni oshib bormoqda. Ularning ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish jarayonini zamon talabiga moslashtirish, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchilikning oldini olish maqsadida ayni jarayon ham takomillashtirildi. Mazkur xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmati portali orqali amalga oshirish tizimi joriy qilindi. Taqdim etiladigan hujjatlar soni 5 tadan 2 taga, arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirildi.
Jarayonni soddalashtirish, jarayonda inson omilini kamaytirish maqsadida ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda ikki bosqichli tizimdan voz kechilib, faqat mutaxassislik bo‘yicha test sinovi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bundan tashqari xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat 10 ga yaqin holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinishi belgilandi.
Xususan, xalqaro tan olingan agentliklar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qigan talabgorlar hujjati to‘g‘ridan-to‘g‘ri, sinovsiz tan olinishi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, Rossiya va Belarus bilan diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha hukumatlararo shartnomalar imzolandi va diplomlar hech qanday to‘siqsiz tan olinishiga erishildi.
Shu bilan birga, akademik mobillik imkoniyatini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda xorijiy kvalifikatsiyani tan olish bo‘yicha xalqaro huquqiy maydonga qo‘shilish borasida ham qator ishlar bajarilmoqda. Xususan, YUNESKO bilan hamkorlikda Oliy ta’lim sohasidagi malakani tan olish Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy konvensiyasi (Tokio konvensiyasi) va Umumjahon konvensiyasiga qo‘shilish choralari ko‘rilmoqda.
“Yo‘l xaritasi” asosida Tokio konvensiyasiga qo‘shilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi va kelishilmoqda. Tokio va Jahon konvensiyasiga qo‘shilish bo‘yicha so‘nggi ikki yilda barcha zarur shart-sharoit yaratildi.
Inspeksiya tomonidan 2018-2022 yillar davomida arm.gov.uz tizimi orqali xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish bo‘yicha 29193 ariza qabul qilingan. Shundan 17658 nafar talabgor belgilangan test sinovida ishtirok etgan. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda hujjati to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovsiz) tan olishga tavsiya etilgan 8862 nafar talabgorga sertifikat rasmiylashtirib berilgan.
– Ta’lim sifatini nazorat qilishda qanday xalqaro tadqiqotlar qo‘llanilmoqda?
– bugungi kunda muayyan davlat qay darajada taraqqiy etishini aniqlash maqsadida ta’lim sifatini baholaydigan xalqaro tadqiqot o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston ham o‘quvchi olgan bilimini amaliyotda qay darajada qo‘llay olishini tekshirishga qaratilgan tadqiqotda ishtirok etyapti. Qolaversa, PIRLS, TIMSS, PISA va TALIS xalqaro tadqiqotlariga ham tayyorgarlik ko‘rilyapti.
2021 yil aprelda O‘zbekiston maktablaridagi 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qib tushunish darajasini baholash bo‘yicha (PIRLS) xalqaro tadqiqot o‘tkazildi. 2001 yildan beri har besh yilda bir marta o‘tkazilayotgan ushbu tadqiqotda mamlakatimiz ilk marta, dunyoning 60 dan ziyod davlati qatorida ishtirok etdi.
Yurtimizda o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘qitish metodikasi va ta’lim natijasini baholash tizimini zamonaviy talab asosida takomillashtirish bo‘yicha ulkan islohot boshlab yuborilgan. Xususan, 2018 yil Ta’lim inspeksiyasi huzurida Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil qilingan. bugungi kunga qadar xalqaro tadqiqotga tayyorgarlik bo‘yicha 14 hududda 348 tayanch maktabi belgilanib, boshqa 9691 maktab ushbu tayanch maktablariga biriktirildi.
2021 yili respublikaning 83 maktabida PISA tadqiqoti tajriba-sinovi hamda joriy yil aprel-may oylarida tanlab olingan 202 ta’lim muassasasida asosiy sinov jarayoni o‘tkazildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi zamon yoshlari ilg‘or fikrlaydigan, qat’iyatli, o‘z maqsadi sari harakat qiladigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, muammoni ijobiy yechadigan shaxslar bo‘lishi kerak. Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu sa’y-harakatlar esa aynan shunday yetuk, barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Go‘zal SATTOROVA suhbatlashdi.