Soliqdan qarzdorlarning avtomobillari xatlandi
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi hududiy boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari hamkorligida yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqlardan qarzdorliklarini undirish yuzasidan ishchi guruhi tuzildi.
Dastlab Toshkent viloyati bo‘yicha byudjet oldidagi soliq qarzi 10 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 1 ming 198 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblangan 288,5 milliard soliq qarzi mavjud qarzdorlar ro‘yxati shakllantirildi.

Qarzdorlarning egaligidagi mol-mulklari o‘rganildi. Natijada 3 ming 756 ta avtotransport vositasi hamda 41 ming 164 ta maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalari aniqlandi.

Soliq qarzi bor korxonalarning mol-mulki hisobidan undirish yuzasidan o‘tkazilgan xatlov tadbirining ilk manzili O‘rta Chirchiq tumani bo‘ldi. Unda "Niyazali agro" fermer xo‘jaligining 333 million so‘m soliq qarzi borligi tufayli xo‘jalikka tegishli “LACETTI” rusumli avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydoniga qo‘yildi. "Qorasuv saxovat dost" fermer xo‘jaligining 186,5 million so‘m soliq qarzi hisobiga fermer xo‘jaligiga tegishli “BYD HAN” rusumli avtotransport vositasi xatlandi.

Shuningdek, "Mir kool-heat" mas’uliyati cheklangan jamiyatining 505,8 million so‘m soliq qarzi uchun Majburiy ijro byurosida qoldiq hujjati hamda soliq boshqarmasining qarori asosida jamiyatga tegishli “UAZ PATRIOT”, “GAZ 33023214” va “KIA K5” rusumli avtotransport vositalari xatlanib, jarima maydoniga qo‘yildi.


Ta’kidlash lozimki, soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzdorligining ortib borishiga yo‘l qo‘ymaslik, soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarni ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan ko‘zlangan niyat kimnidir jazolash yoki birovning mulkini olib qo‘yish emas, aksincha mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilishdir.
A.Musayev, O‘zA muxbiri