“Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili amalda
Buxoro viloyati davlat soliq xizmati xodimlari 2022 yilning o‘tgan davrida jami 27 ming 400 dan ziyod tadbirkorlik sub’ektining turli muammolarini hal etishda ko‘maklashdi.
Jumladan, dastlabki buxgalteriyasini yuritish bo‘yicha 4 ming 915 ta korxonaga yordam berildi. Soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibini tushuntirish borasida esa 1 ming 819 ta korxonaga tegishli ko‘mak ko‘rsatildi. 772 ta korxonaga qo‘shilgan qiymat solig‘idan qariyb 160 milliard so‘mlik ortiqcha to‘lovlar qaytarib berildi. Keyingi yillarda soliq ma’murchiligidagi o‘zgarishlar natijasida davlat soliq xizmati xodimlari tadbirkorlarning haqiqiy ko‘makchisiga aylandi. E’tiborlisi, hududlardagi har bir korxonaga biriktirilgan davlat soliq xizmati xodimlari “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida ularning mavjud muammolarini bartaraf etish hamda soliq solish masalalarida maslahatchi bo‘lmoqda.

Buxoro tumanida faoliyat yuritayotgan “Xumo Shohnur Med” klinikasiga ham Buxoro tumani davlat soliq inspeksiyasidan biriktirilgan mas’ul xodimlar ko‘magi bilan qo‘shilgan qiymat solig‘idan mavjud ortiqcha to‘lov o‘z vaqtida qaytarib berildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga korxona rahbari chet eldan zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qildi. Tibbiyot xodimlarining soni ortdi. Zamonaviy tipda qurilgan ushbu klinika ayni vaqtda 30 nafardan ziyod bolalar hamda kattalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Klinika rahbarining bildirishicha, yaqin kelajakda ushbu maskanning xizmat ko‘rsatish tarmoqlari yanada kengayib, ishchilar soni yana oshadi.


Tumanda faoliyat yuritayotgan “Sledopit” qo‘shma korxonasining ovchilar va sayyohlar uchun mo‘ljallangan mahsulotlariga bugun ichki va tashqi bozorda talab ortmoqda. Ushbu mahsulotlarni shu yerda ishlovchi 40 nafarga yaqin xotin-qizlar ishlab chiqarmoqda. Mazkur korxonaga biriktirilgan davlat soliq xizmati xodimlarining maslahati bilan korxona rahbariyati bir guruh 25 yoshdan oshmagan ishchi xizmatchilarni ishga qabul qilgan edi. Buni qarangki, korxona rahbariyati davlat soliq xizmati xodimining to‘g‘ri maslahati bilan soliq qonunchiligida belgilangan tartibda 25 yoshdan oshmagan xodimlari uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini qaytarib olmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA