“Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili amalda
Buxoroda tadbirkorlik sub’ektlariga “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, hududda qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratilishi hamda byudjetga qo‘shimcha mablag‘ kelib tushishiga xizmat qilayotir.
Buxoro shahrida yaqin orada yirik savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi yana bittaga ko‘payadi. “Shopping Karvon Center Home Market” MCHJ negizida yirik savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi ishga tushadi. Natijada, bu yerda 6 mingga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi. Bu byudjetga yillik 5 milliard so‘mga yaqin tushum kelib tushishini ta’minlaydi. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasida 1 ming 500 dan ortiq kam daromadli oilalarga qo‘shimcha daromad manbalari yaratiladi.

Mazkur korxona va Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatilgan. Xususan, korxonaga biriktirilgan davlat soliq xizmati organlari mas’ul xodimlari ularga soliq ma’murchiligi yo‘nalishida yaqindan ko‘maklashmoqda. Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining ko‘magi bilan korxonaga 2022 yilda xarid qilgan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olingan 6 milliard so‘mga yaqin qismi qaytarib berildi.
Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmatidan olingan xabarga ko‘ra, Buxoro shahrida joriy yilning o‘tgan davrida jami 4 ming 153 ta korxonaning muammolari o‘rganildi. Shundan 4 ming 72 ta korxona ko‘maklashish zarur bo‘lganlar toifasiga kiritildi. 1 ming 10 ta korxonaga dastlabki buxgalteriyasini yuritishga ko‘maklashildi.

Zarif Komilov, O‘zA