“Soliqchi-ko‘makchi”- tadbirkorlarga yordamchi
Buxoro viloyati Peshku tumanida yaqinda faoliyat boshlagan “Mahmud Max Medikal” korxonasiga tuman davlat soliq inspeksiyasidan “Soliqchi-ko‘makchi” dasturi doirasida biriktirilgan mas’ul xodimlar korxonaning barqaror rivojlanishi uchun ko‘makdosh bo‘lmoqda.
Korxonaga zamonaviy texnikalarni xarid qilish uchun 100 million dollarlik kredit mablag‘lari ajratildi. Korxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygach bu yerda 10 dan ortiq doimiy ish o‘rinlari ham yaratildi. Ayni paytda tibbiyotda ishlatiladigan tibbiy bintlar, doka hamda paxta o‘ramlari ishlab chiqarilmoqda.

Hududda faoliyat yuritayotgan biznes vakillari, ayniqsa, yosh tadbirkorlarning faoliyat yuritishi uchun yordam berilmoqda.
Ana shunday yoshlardan biri “Bek eshiklari olami” korxonasi rahbari Bobomurod Nazarovdir.

– Korxonamiz faoliyat boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, – deydi Bobomurod Nazarov. – Shunga qaramay, ishlab chiqarilayotgan eshik va romlarimizga talab tobora ortib bormoqda. Ayni paytda asosiy buyurtmachilarimiz ko‘p qavatli uylar va boshqa qurilish ob’ektlari bo‘lmoqda.

“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili doirasida tumandagi 601 ta tadbirkorlik sub’ekti o‘rganilgan. Shundan 459 tasiga ko‘maklashish zarurligi aniqlangan. Ularning 120 tasiga dastlabki buxgalteriyasini yuritishda, 78 tasiga soliq imtiyozlari va ularni qo‘llashda, 26 ta korxonaga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda ko‘maklashilgan.
Zarif Komilov, O‘zA