Soliq to‘lovchilar bilan uchrashuvlar (+video)
Soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmalari rahbariyati yangi yilning boshidan joylarda soliq to‘lovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil qiladi. Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan ana shunday uchrashuv Buxoro viloyatida ham tashkil etildi.
Seminarda viloyatdagi jami 200 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat hamda to‘qimachilik mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchilar ishtirok etdi.
Unda Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va departament direktori Komil Saidov hamda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Yuldashev ishtirok etib, yig‘ilganlarga soliq kodeksiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar haqida batafsil axborot berdi.
[gallery-21314]
Xususan, tegishli qonun hujjatlari bilan Soliq kodeksining 37 ta moddasiga, shuningdek, Byudjet kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani, asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolganligi, 2028 yilga qadar QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmasligi, shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortishdagi o‘zgarishlar, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun berilgan rag‘batlantirishlar, bundan tashqari, yer va mol-mulk solig‘idagi o‘zgarishlar hamda turli sohalarga berilgan soliq imtiyozlariga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
E’tiborlisi, ushbu uchrashuvda ma’ruzachilar yig‘ilganlarga 2025 yil 1 yanvardan boshlab soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar asosida tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlarni batafsil tushuntirib, ularni amaliyotda qo‘llash tartib-taomillarini ham ko‘rsatib o‘tdi.
– Bugungi seminarda ko‘plab yangiliklardan xabardor bo‘ldik. Yangiliklarning barchasi tadbirkorlarning rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Bundan juda ham xursandmiz. Seminar soliq ma’muriyatchiligini joriy etish va aholiga soliq qonunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi “Temiryo‘l ta’mir” MCHJ mas’uli Aslbek Karayev.
Shu maqsadda soliq qo‘mitasining rahbariyati seminarning ikkinchi qismida mahalliy tadbirkorlar va eksportyorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammoli masalalarni o‘rganishga hamda ularni ijobiy hal etishda ko‘maklashishga e’tibor qaratdi.
Muloqotlarda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xususan, eksportyor korxonalarga eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solishda uchrayotgan ayrim to‘siq va muammolar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Belgilangan reja-grafikka muvofiq soliq qonunchiligidagi yangiliklarini barcha soliq to‘lovchilarga yetkazish maqsadida soliq boshqarmasi tomonidan shu kabi uchrashuvlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham o‘tkaziladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/YInIfRwSLQo?si=t0F3Qrd5cmkQoKCM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov(video+surat),
O‘zA muxbirlari