Soliq tizimidagi o‘zgarishlar haqida seminar
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq qonunchiligidagi o‘zgartishlar” mavzusida seminar tashkil etildi.
2023 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berildi.

Soliq kodeksining tegishli moddalari bilan soliq hisobotini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni saqlash, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish, ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risida ariza berish muddati besh yildan uch yilga tushirildi. Shuningdek, Soliq kodeksining transfert narxini belgilashda soliq nazorati to‘g‘risidagi 194-moddasida tekshirish o‘tkazish muddati tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan yildan avvalgi “besh” kalendar yildan “uch” kalendar yiliga qisqartirildi.

– 2024 yilning 1 aprelidan dori vositalari, shuningdek, veterinariya dori vositalari, tibbiy va veterinariya xizmatlari bo‘yicha QQS bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinadi, – deydi Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Ismoilov. – Bunda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarga QQS summasi (12 foiz)ni “keshbek” sifatida qaytarish mexanizmi yaratiladi. Shuningdek, Soliq kodeksining 100-moddasidagi Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish shartlariga kameral soliq tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan soliqlar summalarini soliq organi tomonidan qabul qilingan qaror kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi. Soliq kodeksining Kameral soliq tekshiruvlari to‘g‘risidagi 138-moddasi soliq to‘lovchining hududiga kirish, soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish, soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish kabi qismlar bilan to‘ldirildi.

2024 yil 1 yanvardan tamaki mahsulotlari aksiz solig‘i stavkasi 12 foizga indeksatsiya qilingan bo‘lsa, etil spirti ishlab chiqarish aksiz solig‘i stavkasi 2 barobarga oshirildi.
Yana bir o‘zgarish shundan iboratki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida yuz million so‘mdan oshgan kundan e’tiboran yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliqqa tortiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliqni Soliq kodeksida belgilangan tartibda to‘laydi.

Mazkur o‘zgarish yakka tartibdagi tadbirkor va o‘z-o‘zini band qilgan shaxslar uchun soliq solishda teng sharoitlar yaratish maqsadida kiritildi.
Seminarda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida batafsil ma’lumot berilib, soliq to‘lovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri