Soliq tizimi: murojaatlar doimo eʼtiborda
Navoiy viloyati davlat soliq xizmati organlariga joriy yilning 1-oktyabriga qadar 7 ming 263 ta murojaatlar kelib tushgan.
Navoiy viloyati davlat soliq xizmati organlariga joriy yilning 1-oktyabriga qadar 7 ming 263 ta murojaatlar kelib tushgan. Shulardan, 771 tasi jismoniy hamda 6 ming 44 tasi yuridik shaxslar tomonidan yoʻllangan.
Murojaatlarning 158 tasi yozma, 6 ming 650 tasi elektron va 455 tasi ogʻzaki tarzda kelib tushgan. Ulardan 2 ming 826 tasi ijobiy hal etildi, 9 tasi oʻz tasdigʻini topmadi, 4 ming 329 tasiga tushuntirish berildi va 99 tasi oʻrganib chiqilmoqda.
Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi hisobraqamidagi ortiqcha 393 million soʻm mablagʻini qaytarish yuzasidan murojaat qilgan. Ushbu murojaat boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 104-moddasiga asosan 15 kundan oshmagan muddatda korxonaning bank xisobraqamiga ortiqcha mablagʻ qaytarib berildi.
Shuningdek, qoplanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi salbiy farq summasidan 1 milliard 429 million 831 ming 739 soʻm “NAVOIY MILLING” masʼuliyati cheklangan jamiyatining bankdagi hisobvaragʻiga qaytarish maqsadga muvofiq deb topilib, shundan 500 million soʻm mablagʻ byudjetga yoʻnaltirildi.
Murojaatlarni mazmunan tahlil qilib koʻradigan boʻlsak, soliq toʻlovlariga oid tushuntirishlar berish boʻyicha 2 ming 263 ta, soliq toʻlovlaridan ozod qilish va imtiyozlar boʻyicha 227 ta, savdo sohasidagi tartib buzilish holatlari yuzasidan 30 ta, bozor va savdo komplekslari faoliyati yuzasidan 5 ta, soliq tizimiga ishga kirish toʻgʻrisida 2 ta, soliq tizimi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan 4 ta, oʻtkazilgan soliq tekshiruvlaridan va soliq organlarining qabul qilgan qarorlaridan noroziligi yuzasidan 5 ta, boshqa turli mavzular (soliq qarzdorligi, ortiqcha toʻlovlarni qaytarish, maʼlumotlar taqdim etish, ijtimoiy masalalar va boshqalar toʻgʻrisida) 4 ming 727 ta murojaatlar yoʻllangan.
Xullas, soliq organlari har bir soliq toʻlovchining murojaatlarini qonun talablari asosida oʻrganib, ularga asosli javob qaytarishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Nodira NURIMOVA,
Navoiy viloyat Davlat soliq boshqarmasi
davlat soliq katta inspektori