Soliq tizimi: imtiyoz va imkoniyatlar
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda tadbirkorlar uchun soliq sohasidagi yangiliklarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Davlat soliq qo‘mitasi vakillari yig‘ilganlarga soliq solish sohasida 2021 yildagi asosiy o‘zgarishlar haqida ko‘rgazmali materiallar yordamida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yil 1 yanvardan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 milliard so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari uchun soliq davri har chorakda etib belgilandi.
Foyda solig‘i to‘lovchilari joriy chorakda kutilayotgan hajmlardan kelib chiqib foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlar summasi to‘g‘risida chorak birinchi oyining 10-kunigacha ma’lumotnoma taqdim etish huquqiga ega bo‘ldi. Joriy yilda ham ayrim choralarni qo‘llash davom etadi. Unga ko‘ra Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda soliq hisobotlarini besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda kechiktirilganligi uchun soliq to‘lovchilarga jarima solinmaydi.

Seminarda 2021 yilda yer, suv soliqlarini hisoblash, to‘lash tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar haqida tushunchalar berildi. Soliq to‘lovchilarni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar sifatida soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan seminarda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari va hisobchilar faoliyatlari davomida duch kelayotgan ayrim muammoli masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Zarif KOMILOV, O‘zA