Soliq savollariga javobni endi sun’iy intellekt beradi
Soliq to‘lovchi endi murakkab savollarga javob izlab turli manbalarni birma-bir ko‘rib chiqishi shart emas. Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan «AI SOLIQ» platformasi tadbirkorlar, buxgalterlar va korxona rahbarlariga soliq masalalari bo‘yicha tezkor, sodda va amaliy tushuntirishlar olish imkonini bermoqda.
«O‘zbekiston» telekanalida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi rahbariyati va mutaxassislari ishtirokida «AI SOLIQ — sun’iy intellekt asosidagi yangi avlod raqamli platformasi» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan «AI SOLIQ» portali va uning imkoniyatlari, soliq organlari faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, ushbu texnologiyalarni qo‘llashning huquqiy jihatlari, shuningdek, tadbirkorlarga qonuniy faoliyat yuritish bo‘yicha tezkor tavsiyalar muhokama qilindi.
Soliq qo‘mitasi tomonidan ai.soliq.uz portali ishga tushirildi. U sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan yangi avlod soliq xizmatlarini yagona raqamli maydonga birlashtiradi. Platforma, avvalo, tadbirkorlar, buxgalterlar va korxona rahbarlari uchun mo‘ljallangan. Foydalanuvchi o‘z tashkiloti faoliyatini qisqa vaqt ichida intellektual tahlil qilishi, elektron hisobvaraq-fakturalarning «qizil» toifaga tushish sabablarini aniqlashi, soliq reytingi, soliq imtiyozlari va soliq hisobotlari bo‘yicha zarur tushuntirishlarni olishi mumkin.
Platformadagi xizmatlar muloqot, ya’ni chat shaklida ishlaydi. Bu esa murakkab soliq masalalari bo‘yicha ma’lumotni oddiy, tushunarli va amaliyotga yo‘naltirilgan shaklda olish imkonini beradi. «AI SOLIQ»ning ahamiyati faqat soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. Portalda Soliq qo‘mitasining sun’iy intellekt yo‘nalishidagi asosiy ishlanmalari ham jamlangan. Platformada amaliyotga joriy etilgan raqamli yechimlar bilan bir qatorda, soliq ma’muriyatchiligini raqamli transformatsiya qilish uchun yaratilayotgan texnologik asoslar ham namoyish etilgan. Ular orasida «Soliq LLM» milliy til modeli, nutq va matn generatsiyasi texnologiyalari, kompyuter ko‘rishi — Computer Vision, shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlar — Big Data asosida ishlovchi mashinali o‘qitish — Machine Learning yechimlari mavjud.
Bu texnologiyalar soliq sohasida ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish, inson mehnatini talab qiladigan takroriy jarayonlarni avtomatlashtirish hamda qaror qabul qilish jarayonlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun sun’iy intellekt texnologiyalaridan nafaqat tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar uchun yaratilayotgan xizmatlarda, balki soliq organlarining turli bo‘g‘inlari faoliyatida ham foydalanilmoqda.
[gallery-30708]
Mahalladagi xodimlardan tortib Soliq qo‘mitasi rahbariyatigacha bo‘lgan tizimda sun’iy intellektdan ma’lumotlarni tahlil qilish, takrorlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish, boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish va xodimlar ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunday yondashuv soliq ma’muriyatchiligini inson omiliga ortiqcha bog‘liq bo‘lgan jarayonlardan bosqichma-bosqich xalos etib, ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Soliq sohasida sun’iy intellekt ekotizimini yaratish va rivojlantirish ishlari joriy yil boshida Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati bilan ham bog‘liq. Mazkur laboratoriya soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, fuqarolar va biznes vakillari uchun zamonaviy raqamli xizmatlarni yaratishga qaratilgan sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish, amaliyotga joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha yagona markaz sifatida faoliyat yuritmoqda. Laboratoriya tomonidan ishlab chiqilayotgan yechimlar soliq organlaridagi mavjud jarayonlarni raqamlashtirish bilan birga, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga ham qaratilgan.
Sun’iy intellektning soliq sohasiga keng joriy etilishi, avvalo, fuqarolar va tadbirkorlarning soliq organlari bilan munosabatlarini soddalashtirishga xizmat qilishi kerak. Tadbirkor uchun zarur ma’lumotni tez olish, soliq hisobotlarini tushunish, imtiyozlardan foydalanish shartlarini bilish yoki muayyan muammoning sababini aniqlash qanchalik osonlashsa, soliq majburiyatlarini ixtiyoriy va qonuniy ravishda bajarish imkoniyatlari ham shunchalik ortadi. Shu nuqtai nazardan, «AI SOLIQ»ni oddiy raqamli xizmat emas, balki soliq to‘lovchi va davlat o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan texnologik yechim sifatida baholash mumkin.
Soliq qo‘mitasi kelgusida ham sun’iy intellektning zamonaviy texnologiyalarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilar uchun intellektual xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu jarayonning pirovard maqsadi esa aniq — biznes va fuqarolar uchun soliq masalalarida ortiqcha vaqt va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, soliq organlari bilan o‘zaro munosabatlarni yanada sodda va qulay qilish hamda soliq xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqish.
Shahnoza Mamaturopova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA