Soliq qonunchilikdagi yangiliklar tushuntirildi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Soliq kodeksining 46 moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu yangiliklarni aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish maqsadida Toshkent viloyati soliq boshqarmasi tomonidan amaliy seminar tashkil etildi.

Unda soha mutaxassislari va tadbirkorlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplashda o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yuridik shaxslar va YTTlarga kameral soliq tekshiruvi natijasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarni 6 oy mobaynida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash huquqi berilgani ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Tahlillarga ko‘ra, 2023 yil sentyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlarida qariyb 6 mingta sub’ektlar tomonidan 2,1 trillion so‘mlik qayta hisobotlar taqdim qilindi. O‘z navbatida ularning faoliyatida soliq auditi o‘tkazilishi hamda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishining oldi olindi. Biroq, ayrim soliq to‘lovchilar berilgan yengilliklarga qaramasdan kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organlarining tafovutlar to‘g‘risidagi talabnomasiga javob bermasdan kelmoqda. Bu ularga nisbatan soliq auditi tayinlash zaruratini keltirib chiqarmoqda.

Tadbirda shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan sharoitlar ham sarhisob qilindi. Xususan, oxirgi uch oyda jami 4 ming 168 ta tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati qonuniylashtirilgan. Shu bilan birga, 2945 ta yuridik shaxslar,1223 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar ro‘yxatga olindi. Joylardagi 554 ta korxonaning bo‘sh turgan ob’ektlarini ishga tushirish hisobiga 1548 ta ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, 2023 yil davomida 102 ming 98 nafar aholi mehnat stajiga ega bo‘lishi va kelgusida pensiya olishi uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar oldi va Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar aks etgan maxsus qo‘llanmalar tarqatildi.
A. Musayev, O‘zA.