Soliq qo‘mitasi: Umumiy ovqatlanish sohasi uchun QQSning nol stavkasi bo‘yicha hali yakuniy qaror yo‘q
Soliq qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) nol stavkasi joriy etilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, hozircha ushbu masala bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan. Avval bildirilgan fikrlar esa asosan xalqaro tajribani o‘rganish va sohani qo‘llab-quvvatlashning ehtimoliy yo‘nalishlarini muhokama qilish doirasida bo‘lgan.
Qayd etilishicha, umumiy ovqatlanish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda biznesni qo‘llab-quvvatlashning turli mexanizmlari ko‘rib chiqilgan, jumladan, ayrim davlatlar tajribasi ham o‘rganilgan. Xususan, ba’zi mamlakatlarda ushbu soha uchun QQS bo‘yicha imtiyozli rejimlar ma’lum shartlar asosida qo‘llanilishi misol sifatida keltirilgan.
Shu bilan birga, bunday yondashuvlar odatda tadbirkorlar tomonidan muayyan majburiyatlar — xodimlar soni, ish haqi darajasi, tushum va boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan bog‘liq holda amalga oshirilishi ta’kidlandi.
«Hozirgi bosqichda faqatgina xalqaro tajribani o‘rganish va sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ehtimoliy takliflar muhokama qilinmoqda. Umumiy ovqatlanish sohasi uchun QQSning nol stavkasi joriy etilishi bo‘yicha yakuniy qaror mavjud emas», — deyiladi izohda.
Idora tadbirkorlardan ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishni so‘ragan. Mazkur takliflar chuqur tahlil qilinganidan so‘ng, davlat va biznes manfaatlarini hisobga olgan holda keyingi qarorlar ishlab chiqilishi bildirildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA