“Soliq qo‘mitasi raisi kubogi”
Ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida sportning stol tennis turi bo‘yicha mahallalar aro havaskor sportchi yoshlar o‘rtasida “Soliq qo‘mitasi raisi kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur musobaqalar Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etilyapti.
E’tiborlisi, O‘zbekiston tennis federatsiyasi, sport vazirligi hamda soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqalarda viloyatning 1000 nafardan ortiq havaskor tennischilari ishtirok etmoqda.

Jumladan, ushbu musobaqaning Kogon va Buxoro shahar bosqichlari ham murosasiz o‘yinlarga boy bo‘ldi.
Qizg‘in kechgan o‘yinlarda musobaqa ishtirokchilarini soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmasi hamda O‘zbekiston stol tennisi Federatsiyasining Buxoro viloyat hududiy bo‘linmasi vakillari qo‘llab-quvvatlab turdi.
Quvonarlisi, bunday sport musobaqalarining tashkil etilishi yoshlarga nafaqat o‘yindan zavqlanish hissini bermoqda, balki ularning jismoniy faolligini oshirib, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashga xizmat qilyapti.
Yakkalik bahslarining o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tgan bellashuvlarida Azizbek Shirinov shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Sabina Qodirova hamda Aziza Rahimovalar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Shiddatli va murosasiz tarzda bo‘lib o‘tgan musobaqa yakunida g‘oliblarga diplom, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri