Soliq mobil ilovasi foydalanuvchilari soni 17 milliondan oshdi
Mamlakatimizda davlat xizmatlarini raqamlashtirish va aholiga qulay elektron servislarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bu borada Soliq qo‘mitasining mobil ilovasi aholi va tadbirkorlar uchun eng talabgir raqamli platformalardan biri sifatida shakllanib ulgurdi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, Soliq mobil ilovasida 17,3 milliondan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 16,2 milliondan ziyodi ilovadan muntazam va faol foydalanib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich mamlakat aholisining raqamli xizmatlarga bo‘lgan ishonchi va qiziqishi tobora ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Mobil ilova qisqa vaqt ichida keng ommalashib, yuklab olishlar soni bo‘yicha ham yetakchi o‘rinlarni egalladi. Xususan, u Play Market va App Store platformalarida eng ko‘p yuklab olingan ilovalar qatorida birinchi o‘rinni qayd etdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning may oyida foydalanuvchilar tomonidan ilova xizmatlaridan 157,4 million marta foydalanilgan. Bu esa raqamli soliq xizmatlari aholi kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda ilovada jami 42 ta elektron xizmat mavjud bo‘lib, ular jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘plab jarayonlarni masofadan turib amalga oshirish imkonini bermoqda. Eng ommabop xizmatlar qatoriga xaridlar uchun keshbek olish, soliq to‘lovlarini amalga oshirish, «Mening uyim» xizmati, «Soliq hamkor» platformasi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish, ijara shartnomalarini onlayn ro‘yxatga olish hamda «Soliq biznes» xizmati kiradi.
Ta’kidlash joizki, mazkur mobil ilova orqali aholi va tadbirkorlar vaqt va mablag‘ni tejagan holda davlat xizmatlaridan tezkor foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi soliq ma’muriyatchiligining ochiqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Qayd etilishicha, kelgusida ilova imkoniyatlarining yanada kengayishi aholi va biznes sub’ektlarining davlat xizmatlaridan foydalanishini yanada yengillashtirib, mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA