“Sohil” mahallasidagi ayollarning qanday muammolari bor?
Dilafro‘z Nazarova Sirdaryo viloyati Guliston shahrining “Sohil” mahallasida yashaydi. Uning oilasi ehtiyojmand oila sifatida ro‘yxatda turgani bois “Ayollar daftari”ga olingan.
Ikki xo‘jalik uchun mo‘ljallangan xonadonda to‘rt oila yashayotgani sababli uni yashash xonadoni uchun alohida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish masalasi o‘ylantirib kelmoqda.

Mahallada sudyalar ishtirokidagi qabulga kelgan Dilafro‘z Nazarovaning muammosiga yechim topildi. Meros huquqi asosida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish mumkinligi tushuntirildi.

Dilafro‘z kabi “Ayollar daftari”da turgan o‘n ikki nafar ayolning sud-huquq, ijtimoiy-iqtisodiy mavzudagi murojaatlari o‘rganildi va yechimi bilan bog‘liq ishlar nazoratga olinib, ijrosiga mas’ullar biriktirildi.

Shuningdek, sayyor qabulga kela olmagan bemor xotin-qizlarning xonadoniga borilib, ularni o‘ylantirib kelayotgan masalalar suhbatlar bayonnomasiga kiritildi. Mazkur sayyor qabullar shu tariqa o‘z samarasini berishi aniq. Zero, hech bir murojaat besabab bo‘lmaganidek, qabullar ham o‘z natijasi bilangina hayotiy va amaliy hisoblanadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA