Sohibqirondan hikmat: Birni ko‘rib…
Tarixdan ma’lumki, ibrati zo‘r inson bashariyat uchun o‘z salohiyati, ilm-u urfoni hamda amali bilan manfaat keltirgandir. Ulug‘ ajdodlarimizning ana shunday ajib hikmat-u ibratlari tildan tilga o‘tib, maqsad-ma’nosini targ‘ib qilib yashayveradi.
Xalqimiz qalbida o‘gitlarga aylanib ketgan «Bugungi ishni ertaga qoldirma», «Bilagi zo‘r — birni yiqar, bilimi zo‘r — mingni», «Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib — shukr» kabi hikmatlar sohibi Amir Temurdir.
Bundan tashqari Sohibqironning «Kuch — adolatdadir», «Oltmishga kirgan otadan osh so‘rama», «To‘qayga o‘t tushsa, ho‘l-u quruqqa qaramay barchasini kuydiradi», «Aqlli dushman johil-u nodon do‘stdan yaxshiroq», deya bildirilgan ta’kidlari zamon va makon tanlamay, insoniyat hissiyotlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlab kelmoqda.
Amir Temur zamonida yozilgan asarlarni mutolaa qilsangiz, uning to‘g‘rilik, muruvvatlilik, el-yurtga mehr-muhabbat va boshqa ezgu xislatlariga, saxovatli, bag‘ri keng va donishmand odam bo‘lganiga amin bo‘lish mumkin. Xususan, «Temur tuzuklari», Nizomuddin Shomiy va Sharofuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»larida, Ibn Arabshohning «Ajoyib ul-maqdur fi axbori Temur» («Amir Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari») va boshqa asarlarda sohibqironning ibratli pand-nasihatlari va o‘gitlari insoniyat uchun naqadar ibratli ekanini anglaysiz.
1336-yil 9-aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan Amir Temur ibn amir Tarag‘ay hayoti va faoliyati davomida o‘zi amal qilgan eng ulug‘ hikmatlardan birini shunday keltiradi: «Pir-u komil shayx Bahouddin Naqshbandiyning: «Kam yegin, kam uxla, kam gapir» degan pand-u nasihatlariga amal qildim. Arkon-u davlatga, barcha mulozimlarga ham aytar so‘zim shu bo‘ldi: «Kam yenglar — ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo‘lasizlar».
Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA