Vatanimiz tarixidagi 27 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1400 yil (bundan 625 yil oldin) – Sohibqiron Amir Temur o‘zining “yetti yillik yurish”lari davrida Suriyadagi Bihishti va Ayntob qal’alarini egalladi. Bu haqda Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobida ma’lumot berilgan. Behishti qal’asi dara ichida joylashgan mustahkam qal’a edi. Qal’aning Muqbil ismli dorug‘asi (boshlig‘i) Temur kelayotganini bilib g‘ururdan qal’ani berkitadi. Sohibqiron ushbu qal’aning yaqinidagi bir baland yerda chodir tikadi. Qal’a ichidagilar esa manjaniqdan Temurning chodiriga tosh uloqtira boshlaydilar. Amir Temurning qattiq jahli chiqib, qo‘shinga ushbu qal’ani egallashni buyuradi.
Temur qo‘shini 20 ta manjaniq yasaydi. Ana shu manjaniqlardan biri yordamida qal’a ichidan turib sohibqironga tosh otilgan manjaniqni nishonga olib parchalab tashlaydilar. Temur askarlari manjaniqlardan qal’aga qattiq zarar yetkazadilar. Buni ko‘rgan dorug‘a Muqbil qo‘rqqanidan o‘zi borolmay Temurga uning bir qoshiq qonidan kechishini so‘rab kishilar yuboradi. Sohibqiron qal’ani egallagandan so‘nggina uning gunohidan o‘tishini, agarki qal’a eshigidan qaytsa, xalq qal’ani ololmagani uchun ketdi, degan xayolda bo‘lishini aytadi.
Shanba kuni, safar oyining yettisida, tarix sakkiz yuz uchda (1400 yil 27 sentyabrda) Amir Temur nag‘am (qal’aning ostidan uni o‘pirish uchun kavlanadigan chuqur)lardan olov solishni farmon beradi. O‘t solgandan so‘ng qal’aning burjlari yiqila boshlaydi. Buni ko‘rgan Muqbilning askarlari har yonga tarqab ketadilar. Qal’aning ulug‘ ulamo va arboblari shahzoda Shohruxni o‘zlariga shafe qilib Sohibqirondan Muqbilning gunohidan o‘tishni so‘raydilar. Sohibqiron ulug‘ kishilarning so‘zini qaytarmaydi.
1897 yil (bundan 128 yil oldin) – qo‘qonlik seleksioner olim, biologiya fanlari doktori, professor Fedor Mauyer tavallud topdi (vafoti 1963 yil). U O‘zbekiston paxtachiligida urug‘chilik nazorati ishi tashkilotchisi, Ozarbayjonda ingichka tolali g‘o‘zani ekish tashabbuskori hisoblanadi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati va Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining SSSR Fanlar akademiyasining Toshkentdagi filialini O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasiga aylantirish to‘g‘risidagi iltimosiga ko‘ra SSSR hukumatining “O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi (asl ism-sharifi Tursunali Parpiyev) tavallud topdi (vafoti 2005 yil). U lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. U 2025 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – samarqandlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 18 yoshli Ravshan Mahmudov Chernigov viloyatining Repki rayonidagi Zmei xutori yaqinida birinchilardan bo‘lib Dnepr daryosini kechib o‘tdi, jangchilarni 3 marta hujumga boshladi, o‘ng sohildagi platsdarmni saqlab qolish uchun bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. U 1944 yil 15 yanvarda (vafotidan so‘ng) Qaxramon unvoniga sazovor bo‘lgan.
1944 yil (bundan 81 yil oldin) – O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi respublika Tashqi ishlar xalq komissarligini tashkil etish to‘g‘risidagi Qonunni qabul kildi va O‘zbekistonda Tashqi ishlar xalk komissarligi tuzildi. Tashqi ishlar xalq komissarligi O‘zbekiston tashqi siyosatini olib borishda, respublikamizda ochilajak elchixonalar, konsulxonalar va vakolatxonalar ishiga rahbarlik kilishi, chet ellardagi O‘zbekistonning elchixonalari, konsulxonalari, vakolatxonalari ishini tashkil etishi lozim edi. Lekin bularning barchasi kog‘ozda qolib ketdi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Litva Respublikasi Prezidenti Valdas Adamkusni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot kadrlarini tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi hamda mamlakatimizda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashay boshlaganining 80 yilligi munosabati bilan festival tashkil etildi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Yashil bog‘lar» va «Yashil jamoat parklari»ni barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA