Sohibqiron – buyuk bunyodkor
9 aprel – Amir Temur tavallud kuni
Ajdodlarimiz yozib qoldirgan bebaho asarlarni o‘qib, qurdirgan betakror imoratlarni tomosha qilib, barpo etgan benazir bog‘u rog‘larni ko‘rib kishining nafaqat ma’rifati, ma’naviyati yuksaladi, bahridili ochiladi, ayni paytda bobolarimizning aqlu zakovatiga qoyil qoladi.
Buyuk sarkarda, adolat timsoli, sohibqiron Amir Temur asos solgan bog‘larning nomlarini eshitib, u kishi Qur’oni karimdan to‘liq xabardor bo‘lgani ayonlashadi.
Sahibqiron Qur’oni karimda zikr etilgan jannatning 8 nomidan kelib chiqib, o‘zi barpo ettirgan bog‘larini nomlagan.
Quyida Amir Temur bog‘larini oyati karimalar asosida nomlaganini misollar bilan keltiramiz.
- Bog‘i baland
Sohibqiron Samarqand Shimolidagi Cho‘ponota maqbarasi yaqinida (hozirgi aeroport atrofi) nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishida Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bog‘chilik san’ati ustalari hamda me’morlari qatnashgan. Bog‘ o‘rtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr bo‘lib, uning atrofidagi uzumlar, anjirzor va olmazorlar boqqa go‘zal bir tarovat baxsh etib turgan.
Oyati karima: فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ «(Ular) oliy jannatdadirlar» (G‘oshiya surasi, 10-oyat).
2. Bog‘i behisht.
1378 yili Sohibqiron Samarqandning G‘arbida suyukli xotini Xayrunisoga atab qurdirgan. Ayrim yozma manbalarda “Bog‘i Jannat” nomi bilan ataladi. Bog‘ o‘rtasidagi atrofi handaq bilan muhofaza etilgan sun’iy tepalik ustida tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli saroy bo‘lgan. Saroyga bir necha ko‘tarma ko‘priklar orqali kirilgan. Bu bog‘ning bir tarafida hayvonot bog‘i bo‘lib, turli xil hayvonlar saqlangan.
Oyati karima: يَقُولُونَ سَلَامٌ عَلَيْكُمُ ادْخُلُوا الْجَنَّةَ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُونَ «“Sizlarga salom! Qilib o‘tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz!” – derlar» (Nahl surasi, 32-oyat).
3. Bog‘i davlatobod.
Bu bog‘ Samarqanddan 13 km. janubda, hozirgi katta O‘zbekiston traktining chap tomonida bo‘lgan. Amir Temur bu bog‘da zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, xorijiy elchilarni qabul qilgan. Unda ariqlar, to‘rtta hovuz, katta saroy bo‘lgan. Saroy sun’iy tepa ustiga qurilgan, atrofi handaq bilan o‘ralgan. Unga ikkita ko‘tarma ko‘prik orqali kirilgan.
Oyati karima: وَاللَّهُ يَدْعُو إِلَى دَارِ السَّلَامِ وَيَهْدِي مَنْ يَشَاءُ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ «Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi» (Yunus surasi, 25-oyat).
4.Bog‘i dilkusho.
Ko‘ngil ochuvchi bog‘. 1397 yilda Amir Temur xotinlaridan biri Tukalxonim sharafiga qurilgan. Bu bog‘ Samarqanddan 5 kmi sharqda, Panjakent yo‘lining o‘ng tomonida (qadimiy Xijduvon qishlog‘i o‘rnida) joylashgan. Har tarafi 900 metr uzunlikdagi baland paxsa devor bilan o‘ralgan. Bog‘ning to‘rtta darvozasi markazida hashamatli saroy bo‘lgan. Saroy uch qavatli bo‘lib, har qavatida favvora otilib turgan. Saroy devorlariga Sohibqiron olib borgan urushlardan lavhalar chizib qo‘yilgan. Bu bog‘ o‘rnida hozirgi kunda Dilkusho qishlog‘i joylashgan.
Oyati karima: إِنَّ الْمُتَّقِينَ فِي مَقَامٍ أَمِينٍ فِي جَنَّاتٍ وَعُيُونٍ «Albatta, taqvoli zotlar (u kunda) osoyishta joyda – bog‘lar va chashmalar ustida bo‘lurlar» (Duxon surasi, 51–52-oyatlar).
4. Bog‘i jahonnoma.
(Jahon ko‘zgusi). Amir Temur Samarqanddan yetti farsax (42 km.) narida, Zarafshon tog‘i etagida qurdirgan (taxminan Urgut tumanida). Unda saroy va qal’a bo‘lgan. Bog‘ning hududi juda ham katta bo‘lib, yo‘qolib qolgan ot 6 oydan so‘ng topilgan ekan.
Oyati karima: فِي مَقْعَدِ صِدْقٍ عِنْدَ مَلِيكٍ مُقْتَدِرٍ «(Ular) qudratli podshohning (Allohning) huzuridagi sadoqat maqomida bo‘lurlar» (Qamar surasi, 55-oyat).
5. Bog‘i maydon.
Cho‘ponota tepaligi etagida, Samarqandning shimolida joylashgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, bog‘da hashamatli ayvon (ko‘shk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo‘lgan. Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulug‘bek bu bog‘ni yanada obod qilgan. Bu bog‘ o‘rni hozir ham Bog‘i Maydon deb ataladi.
Oyati karima: وَمَا هَذِهِ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا لَهْوٌ وَلَعِبٌ وَإِنَّالدَّارَ الْآَخِرَةَ لَهِيَ الْحَيَوَانُ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ «Bu dunyo hayoti faqat (ozgina) o‘yin-kulgidir. Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (haqiqiy) hayot (joyi)dir» (Ankabut surasi, 64-oyat).
6. Bog‘i nav.
Yangi bog‘. Bu bog‘ni 1404 yilda Amir Temur Samarqandning janubida qurdirgan. Lolazor qishlog‘i o‘rnida joylashgan. Bu bog‘ to‘rtburchak shaklida bo‘lib, atrofi baland paxsa devor bilan o‘ralgan, har burchagida minora qad ko‘tarib turgan. Markazida boshqa bog‘lardagiga nisbatan kattaroq qasr, uning oldida katta hovuz bo‘lgan.
Oyati karima: لِلَّذِينَ أَحْسَنُوا الْحُسْنَى وَزِيَادَةٌ وَلَا يَرْهَقُ وُجُوهَهُمْ قَتَرٌ وَلَا ذِلَّةٌ أُولَئِكَ أَصْحَابُ الْجَنَّةِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ
«Ezgu ish qilganlarga chiroyli narsa (jannat) va ziyodalik (Allohning diydorini ko‘rish) bordir. Ularning yuzlarini qoralik ham, xorlik ham qoplamas. Aynan o‘shalar jannat ahlidirlar. Ular u yerda mangudirlar» (Yunus surasi, 26-oyat).
7. Bog‘i chinor.
Amir Temur Samarqandning sharqida (Konigilning janubiy-g‘arb tarafida, hozirgi Qo‘shtamg‘alik tepaligi o‘rnida) barpo qildirgan. Unda ajoyib chinorlar ko‘p bo‘lgan. Bog‘ning markazida saroy joylashgan.
Oyati karima: عِنْدَهَا جَنَّةُ الْمَأْوَى «“Ma’vo bog‘i” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir» (Najm surasi, 15-oyat).
Tolibjon NIZOM tayyorladi.