“Sohibjamol daraxt” – she’rlar, sochmalar, etyud va tarjimalar joy olgan kitob
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va tarjimon, “Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovi g‘olibi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Tursun Ali (O‘rmonov)ning “Sohibjamol daraxt” nomli she’riy to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida Tursun Ali ijodi xususida atroflicha so‘z bordi. Ta’kidlanganidek, atoqli shoir Tursun Ali o‘ziga xos usulda ijod qiluvchi, inson ruhiyati manzarasini go‘zal tarzda ifoda etuvchi, ijtimoiy hayotdagi muammolarni betakror badiiyat bilan ifoda etuvchi shoir sanaladi.

Tursun Ali 1952 yilning 5 fevralida Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi Toshyo‘li qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968 yil 2-o‘rta maktabning 8-sinfini tamomlab, 1971 yilda Toshkent shahridagi 2-kechki ishchi yoshlar maktabini tugallagan. 1981 yili hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya bo‘limini bitirgan.
Dastlab ijodkor “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “Jadid") gazetasida musahhih, so‘ngra G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, Cho‘lpon nashriyotida, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatida va “Adolat” nashriyotlarida turli vazifalarda ishlagan. Ayni paytda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi vazifasida mehnat qiladi.

Tursun Alining dastlabki she’rlari “Yoshlik bayozi”, “Yoshlik” almanaxlarida bosilgan. Shundan so‘ng “Zangori ovoza” (1979), “Yurakdagi so‘zlar” (1983), “Yorug‘ kunlar” (1986), “Iztirob ostonasi” (1983), “Tun tovushi” (1993), “Yolg‘izim” (1995), “Uyg‘oq sukunat” (1999), “Tuyg‘ular rangi” (2001, “Saylanma”), “Sokin hayqiriq” (2005), “Oy yaprog‘i” (2008), “Gullayotgan yurak” (2009) nomli she’riy to‘plamlari nashr qilingan.
Shoirning she’rlari MDH davlatlaridagi ko‘plab adabiy almanax va jurnallarda chop etilgan. Shuningdek, uning she’rlari ingliz, tojik, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.
Tursun Ali tarjimon sifatida ham faoliyat ko‘rsatib, xitoy, yapon, rus she’riyati namunalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Ijodkor 2008 yili “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Taniqli shoir Tursun Alining “Sohibjamol daraxt” nomli kitobi “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan. Unda shoirning so‘nggi yillarda yozgan she’rlari, sochmalar, etyud va xitoylik shoirlar ijodidan qilgan tarjimalari joy olgan.
To‘plamdagi she’rlar, sochmalar hatto, o‘zga tillardan qilgan tarjimalarni o‘qirkansiz, shoir ichki olami naqadar rango-rangligini his etish bilan birga muallifning ruhiy dunyosiga safar qilgandek bo‘lasiz.
Kitobdan joy olgan “Yurt sardori” she’ridan tortib “Navoiy”, “Oybek”, “Usmon Nosir”, “Shahidlar qabristoni”, “G‘ijjak navosi”, “Urush”, “Tinchlik”, “Zarkent”, “Ayol hasrati”, “Ibrohim Haqqul vafoti”, hatto ozarbayjonlik shoira Ganira Pashayeva xotirasiga bag‘ishlangan she’rlardagi uyg‘unlikni shoirning jonajon O‘zbekistonimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati, deb atash mumkin.
Taqdimot tadbirida “Sohibjamol daraxt” kitobi haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA