“Soha rivojiga mening hissam” hamda “Kasaba uyushma bilimdoni” tanlovlari o‘tkazildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Soha rivojiga mening hissam” ko‘rik-tanlovida viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan iqtidorli yoshlar o‘z sohalariga oid ijodiy tashabbuslari, innovatsion loyihalari va amaliy takliflari bilan qatnashdi.
Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan ishlar hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholandi. Eng munosib deb topilgan ishtirokchilar tanlov g‘olibiga aylandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev tanlov g‘oliblarini qutlab, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar borligini ta’kidladi. Shuningdek, yurt taraqqiyoti va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida har bir yoshning munosib hissa qo‘shishi muhim vazifa ekanini qayd etdi.

Shuningdek, “Kasaba uyushma bilimdoni” intellektual tanlovi ham yoshlarning huquqiy savodxonligi, bilim darajasi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etgan qizg‘in bellashuvga aylandi. Unda jami 10 ta jamoa ishtirok etdi. Berilgan savollarga eng ko‘p javob topgan “Istiqbol” jamoasi yuqori natijani qayd etib, tanlov g‘olibiga aylandi.
G‘oliblar va faol ishtirokchilarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
- Kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan tanlovda ishtirok etish asnosida o‘z sohamga oid takliflarimni taqdim etish imkoniga ega bo‘ldim, – deydi “Soha rivojiga mening hissam” ko‘rik-tanlovi g‘olibasi Xushnoza Abdullayeva. – Bu yerda turli sohalarda mehnat qilayotgan tashabbuskor yoshlarning tajribasi bilan tanishdik, fikr almashdik. Bunday tanlovlar insonni izlanishga, yangilik yaratishga va o‘z ustida ishlashga undaydi. Bugungi e’tirof esa kelgusida yanada ko‘proq mehnat qilish, jamoamiz va sohamiz rivojiga munosib hissa qo‘shish uchun menga katta kuch va ilhom bag‘ishlaydi.

Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbir doirasida 50 nafar faol yoshlar viloyat kasaba uyushmalari kengashi tomonidan ko‘hna kent – Samarqandga sayohatga yuborildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA