Soha mutaxassislarining huquqiy savodxonligi oshirildi
Har bir inson, avvalo, o‘z huquq va erkinliklarini bilishi kerak. Har bir ishchi yoki xodim mehnat qonunchiligidan xabardor bo‘lishi o‘zi uchun foydalidir.
“O‘zsuvta’minot” AJda “Soha mutaxassislarining huquqiy savodxonligini oshirish va OAV bilan ishlashda yangicha yondashuv” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining bosh mutaxassisi Farhod Tolipov hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi yuristi Iroda Qahhorova o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
[gallery-16498]
Ular o‘z ma’ruzalarida “Xodimlarning mehnat huquqi kafolatlari”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash”, “OAV va jamoatchilik bilan munosabat o‘rnatishda huquqiy jihatlar” mavzusida har bir xodim bilishi lozim bo‘lgan foydali ma’lumotlarni aytib o‘tdi.
Soha mutaxassislari mehnat shartnomalari, intizomiy jazo choralari, oylik ish haqi hamda jamoatchilik bilan ishlashda mustaqil jurnalist, blogerlar tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan savol-javoblarda o‘z haq-huquqlari haqida bilimga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilar – hududiy suv ta’minoti korxonalarining xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari