Sog‘lom turmush tarzi salomatlik garovi
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati Buxoro viloyati tashkiloti tomonidan Jondor tumanida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Grant loyihasi bo‘yicha «Sog‘lom turmush tarzi barkamol avlod poydevori» mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Unda xalq ta’limi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limlari, tibbiyot birlashmasi va tuman hokimligi mas’ullari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, pandemiya davrida O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati Buxoro viloyati tashkiloti tomonidan 2021 yil davomida Jondor tumani aholisiga, nogironlarga, yakka-yolg‘iz, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam berildi. Antiseptiklar, tibbiy niqoblar, sanitariya-gigiyena mahsulotlari va tashkilot qaramog‘idagi 20 nafar fuqaroga 11 million 242 ming so‘m mablag‘lar topshirildi.
Tadbirda tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar shifokori tomonidan «omikron» virusi profilaktikasi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlar paytida aholiga birinchi yordam ko‘nikmalaridan namunalar ko‘rsatildi. Shuningdek, erta turmushning salbiy oqibatlari, nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora tadbirlar belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA