Sog‘lom ovqatlantirish tartibi takomillashadi
Chirchiq shahridagi 14-DMTTda “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari” mavzusida Respublika seminari va OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, vazirlik tizimidagi hududiy bo‘linmalar mas’ullari va MTT pedagogik jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda davlat bog‘chalarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirishga oid amaliy ko‘nikmalar, taklif va tavsiyalar muhokama qilindi. Bu bo‘yicha 14-DMTT misolida jarayonlar namoyish etildi. Ma’lumot o‘rnida, hozir Chirchiq shahrida jami 61 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritadi. Ushbu bog‘chada esa Xitoy tajribasi asosida tarbiyalanuvchilarga erta yoshdan e’tiboran kasb-hunarga yo‘naltirish amaliyoti joriy etilgan.

Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Mutaxassislar tomonidan qilingan taqdimotda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida ovqatlantirishning maqsad va vazifalari aytib o‘tildi. Autsorsing korxonalari tomonidan markazlashgan holda DMTTlariga belgilangan oziq-ovqat mahsulotini yetkazish, saqlash, oshxonaga chiqarish tartiblari haqida ma’lumot berildi.


– Mazkur seminar orqali joylardagi bog‘chalarda bolalarning sog‘lom ovqatlanishini yanada yaxshilashga erishamiz. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, aksariyat davlat bog‘chalarida bolalarni ovqatlantirish jarayoni o‘zlari ishlab chiqqan reja asosida tashkil etilgan.


Bunda oziq-ovqat mahsulotlarini turli ta’minotchilar yetkazib bergan. Oshpazlar orasida ham tajribasizlari uchragan. Endilikda autsorsing tizimi orqali ko‘plab qulayliklar yaratildi.

Tadbirkorlar malakali oshpazlar, muhandislar va boshqa mutaxassisni ishga jalb qiladi. Maxsus taomnoma bo‘yicha mavsumga qarab turli ovqatlar qilinadi, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Husan To‘raxo‘jayev. Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev, O‘zA.