Sog‘lom o‘simlik, sog‘lom tabiat – fitosanitar xavfsizlikning garovi
Toshkentda nufuzli xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi va ekotizim barqarorligini ta’minlash, fitosanitar xavfsizlikni yanada kuchaytirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar izchil davom etmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot institutida “Sog‘lom o‘simlik, sog‘lom tabiat — fitosanitar xavfsizlikning garovi” mavzusida xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston bilan bir qatorda qator xorijiy davlatlarning taniqli olimlari, yetakchi professorlari, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar jam bo‘lib, o‘simliklar karantini, fitosanitar xavfsizlik va global ekologik barqarorlikning eng dolzarb muammolarini keng ko‘lamda muhokama qildi. Xalqaro ilmiy tadbir davomida qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohasining ustuvor yo‘nalishlari o‘zaro chambarchas bog‘liq holda atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, meva-sabzavot mahsulotlarini turli zararkunandalardan ishonchli himoya qilish hamda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashning ilg‘or usullarini qo‘llash orqali o‘simliklarning biologik xilma-xilligini saqlash va ekotizimlar muvozanatini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bu borada qishloq xo‘jaligida ekologik barqarorlikka erishish va mavjud tabiiy resurslardan oqilona hamda samarali foydalanish, shuningdek, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish orqali zararkunandalar va kasalliklarga qarshi zamonaviy himoya vositalarini yaratish bugungi kunning eng kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan ekani ta’kidlandi. O‘z navbatida, bu kabi chora-tadbirlar o‘simlik mahsulotlari sifatini yuqori darajada saqlash hamda aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi aytildi.
Anjuman doirasida mamlakatimiz hamda Meksika, Eron, qirg‘izistonlik mutaxassislarning mazmunli ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Ushbu chiqishlarda meva zararkunandalariga qarshi kurashish, o‘simlik kasalliklarining oldini olish, zamonaviy biologik himoya usullari hamda fitosanitar nazoratni takomillashtirishning ilmiy asoslangan yondashuvlari chuqur yoritildi. Shuningdek, tadbirning alohida sho‘’ba yig‘ilishlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ishonchli himoya qilish, o‘simliklar karantini sohasidagi so‘nggi ilmiy izlanishlar va amaliy tadqiqotlar natijalari o‘zaro tahlil qilinib, kelajakdagi hamkorlik rejalari belgilab olindi.

Mohigul Qosimova,
O‘zA