Sog‘lom ona va bola mustahkam kelajak poydevoridir
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Pediatrlar maktabi, Rossiya uzluksiz kasbiy ta’lim tibbiyot akademiyasi, Qozon davlat tibbiyot akademiyasi, Vitebsk davlat tibbiyot universiteti (Belarus Respublikasi) hamkorligida Qarshi shahrida Ona va bola salomatligini muhofaza qilishga bag‘ishlangan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” mavzuida xalkaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyani tashkil etishdan maqsad davlatimiz rahbarining soha rivojiga qaratilgan tegishli qarorlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, tibbiy amaliyotning ta’lim va fan bilan zaif integratsiyasini bartaraf etish, ilg‘or tibbiy yutuqlarni tashxislash hamda davolash jarayoniga joriy etishga e’tibor qaratishdan iborat.
Ushbu konferensiya tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimidagi ilg‘or xorijiy klinikalar hamda oliy tibbiy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
– Tibbiy kadrlarni tayyorlash markazi tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada nutq so‘zlab, ishtirok etdim. Tibbiy kadrlarni tayyorlash markazi haqiqatdan postdiplom tayyorlashda yetakchi muassasalardan biri hisoblanadi, – deydi Qozon davlat tibbiyot akademiyasi, pediatriya va neontologiya kafedrasi mudiri, fan doktori, professor Asiya Safina. – Ilm-fan va bilimlar mintaqalarga kirib borishi juda to‘g‘ri va zarurdir. Bu kabi xalqaro darajadagi muhim tadbirlarni o‘tkazish bolalar va aholining sog‘ligi uchun katta hissa qo‘shadi, deb hisoblayman. Umid qilamanki, bu boradagi do‘stligimiz va hamkorligimiz bardavom bo‘ladi.
Ilmiy-amaliy konferensiya maqsadi bolalar kasalliklarini oldini olish, tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini kundalik tibbiy amaliyotga joriy etish, shuningdek, Qashqadaryo viloyati mutaxassislari o‘rtasida tajriba hamda bilim almashishdir.
Konferensiya bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishda innovatsion texnologiyalar, sog‘lom va kasal bolalar uchun ovqatlanish muammolari, emlash savol va javoblari, pediatriyadagi immunodiagnostikaning yangi jihatlari, pediatriyada yangi klinik ko‘rsatmalar va standartlar, o‘smir qizlarning reproduktiv salomatligini yaxshilash istiqbollari, perinatal tibbiyotda kesar jarrohlik kabi ilmiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi.
Konferensiya dasturida tibbiyotda bir necha yo‘nalishlardagi davolash prinsiplari va muammolarining nazariy hamda amaliy jihatlari muhokama qilindi. Klinik tahlilga, shuningdek, ijtimoiy tibbiyot masalalariga katta e’tibor berildi.
– Dasturimizga davlatimiz rahbari tomonidan berilgan tavsiyalar asosida olib borayotgan ishlarimizni sarhisob qilish, sohadagi yangiliklarni shifokorlarga ulashish kabi ko‘plab masalalar kiritilgan, – deydi tibbiyot fanlari doktori Nigora Mo‘minova. – Menga savol berishdi: “nima uchun tadbirni Toshkentdamas, Qashqadaryoda o‘tkazyapsizlar”, deb. Endi o‘ylab ko‘ring, masalan, bu konferensiyani Toshkentda tashkil qilsak, Qashqadaryodan 10 yoki 15 nafar shifokor bora oladi. Bu yerda esa 300 nafardan ortiq pediatrlar, akusher ginekologlar, oilaviy shifokorlar, barcha shu sohaga tegishli bo‘lgan tibbiyot xodimlari tashrif buyurgan. Ular bilan o‘zaro tajriba almashyapmiz.
Konferensiya tinglovchilari O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarning taniqli yetakchi ekspertlarining fikrlari bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi. Ilmiy-amaliy konferensiyada ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish standartlari va taomillari, pediatriya bo‘yicha klinik tavsiyalar muhokama qilindi.
[gallery-19945]
– Viloyatimizda onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’uli, pediatr G‘ayrat Olmosov. – Bunda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlardan, shuningdek, poytaxtdagi nufuzli klinikalardan tajribali akusher ginekologlar, pediatrlar qatnashib, ma’ruzalar qilmoqda. Albatta bu viloyatimizda onalar va bolalar sog‘ligini mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiyaning 2-3 kunida Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va viloyat perinatal markazida mahorat darslari va klinik sattelitlar bo‘lib o‘tdi.
Xulosa qilib aytganda, konferensiya ishtirokchilari jahon tibbiyotining kasalliklarni tashxislash va davolash sohasidagi so‘nggi yutuqlari, ilmiy ishlanmalar bilan tanishish hamda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov, (surat) O‘zA muxbirlari