Sog‘lom ish muhiti mavjud jamoada ish samaradorligi va boshqaruv sifati ham yuqori bo‘ladi
Inson mehnat qilayotgan joyida o‘zini xavfsiz his qilishi, qadr-qimmati hurmat qilinishi va o‘z fikrini erkin bildirishi uchun zarur sharoit yaratilgan bo‘lishi kerak. Chunki sog‘lom ish muhiti nafaqat xodimning mehnat faoliyatiga, balki tashkilotdagi intizom, jamoaviy hamkorlik va ish natijalariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentabrdagi “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-sentabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 518-son qarori mehnat munosabatlarida inson qadrini himoya qilish va ish joyidagi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan muhim hujjatlar hisoblanadi.
Prezident qarorida mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, sodir etilgan holatlarga nisbatan samarali ta’sir choralarini ko‘rish hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifalar etib belgilangan.
Bunda gap nafaqat jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlik, balki ruhiy bosim, shahvoniy shilqimlik, ta’qib qilish, kamsitish va xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanish kabi holatlar haqida ham bormoqda.
Mazkur yondashuvning muhim jihati shundaki, xodimning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, unda qo‘rquv yoki dushmanona muhitni yuzaga keltiruvchi xatti-harakatlarga befarq qaralmasligi lozim. Bunday holatlar haqidagi xabarlar belgilangan tartibda o‘rganilib, ularga xolis baho berilishi va zarur choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, murojaat qilgan shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Murojaat va uni ko‘rib chiqish jarayoniga oid ma’lumotlarning qonunchilikda nazarda tutilmagan tarzda oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu esa xodimlarning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun murojaat qilish imkoniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezident qarorida belgilangan muhim yangiliklardan biri “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portalini joriy etishdir.
Portal orqali mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni onlayn qabul qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatish, dalillarni to‘plash, tekshiruv natijalarini qayd etish va ko‘rilgan choralar ijrosini nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.
Ayniqsa, murojaatda tashkilot rahbari, uning o‘rinbosari yoki mas’ul xodimiga nisbatan e’tiroz bildirilgan bo‘lsa, uni avtomatik ravishda yuqori turuvchi instansiyaga yuborish mexanizmi nazarda tutilgan. Bu manfaatlar to‘qnashuvi xavfini kamaytirish va murojaatning xolis ko‘rib chiqilishi uchun muhim ahamiyatga ega.
Agar holatda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa, murojaat belgilangan tartibda “112” yagona dispetcherlik xizmati orqali vakolatli organga yuboriladi.
Demak, yangi mexanizmlar murojaatni qabul qilish bilangina cheklanmaydi. Uning ko‘rib chiqilishi, natijasi va belgilangan choralarning ijrosi ham nazorat qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining qarori esa Prezident hujjatida belgilangan vazifalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilaydi. Qaror bilan davlat organlari va tashkilotlarida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash dasturini joriy etish tartibi tasdiqlangan. Unga muvofiq, tashkilotlarda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan ichki mehnat tartib-qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi, mas’ul xodimlar belgilanadi va xodimlarni o‘qitish choralari ko‘riladi.
Yana bir muhim talab – mehnat sohasidagi tazyiq va zo‘ravonlik xavflarini davriy baholash hamda tashkilotdagi muhitni tahlil qilish yiliga kamida bir marta o‘tkaziladi. Takroriy murojaatlar yoki tasdiqlangan holatlar sonining ortishi esa rejadan tashqari o‘rganish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Bunday tahlillar muammolarni faqat ular yuzaga kelgandan keyin bartaraf etish emas, balki xavflarni oldindan aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish imkonini beradi.
Mazkur tizimning samarali ishlashida Boshqaruv samaradorligi agentligiga muhim vazifalar yuklatilgan. Prezident qaroriga muvofiq, “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portali Agentlikning axborot tizimlarida ishga tushiriladi. Shuningdek, Agentlik davlat organlari va tashkilotlarida dastur doirasidagi qoidalarning bir xilda ijro etilishini monitoring qiladi hamda aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega.
Agentlikning vazifalaridan yana biri xodimlarning huquqiy xabardorligini oshirish va mas’ul mutaxassislarning salohiyatini rivojlantirishni ham qamrab oladi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 518-son qaroriga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda mansabdor shaxslari Agentlikning edu.bsa.uz axborot tizimi orqali tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan qisqa onlayn trening kurslarida o‘qitiladi.
Umuman olganda, mazkur qarorlar davlat organlari va tashkilotlarida inson qadrini ulug‘lash, xodimlar huquqlarini himoya qilish hamda o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan xavfsiz mehnat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Zero, sog‘lom ish muhiti mavjud jamoada ish samaradorligi va boshqaruv sifati ham yuksaladi.
Zafar Sultonov,
Boshqaruv samaradorligi agentligi Navoiy viloyati filiali boshlig‘i.
O‘zA