Insonning qarishi – tabiiy biologik jarayon. Bu paytdagi o‘zgarishlar jismoniy faollikni cheklaydi, tashqi ko‘rinishda aks etib boraveradi. Yurtimizda aholi o‘rtasida jismoniy va ruhiy salomatlikka intiluvchan, yosh va sog‘lom bo‘lib, turli jabhalarda faoliyat yuritayotganlar ko‘p.
Organizmda yoshlik kuch-g‘ayratini uzoq saqlash, turli kasalliklarni oson yengish yo‘lida inson nimalarga rioya qilishi kerak. Shu kabi masalalar xususida tabobat va tarix fanlari doktori, akademik Alijon ZOHIDOV bilan suhbatlashdik.
– Mamlakatimizda fuqarolarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, islohot va yangiliklarni amaliyotda qo‘llash orqali hayot sifatini yaxshilash, nogironlik va surunkali kasalliklarni kamaytirish, umrni uzaytirishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda, – deya fikrini boshladi A.Zohidov. – Ta’kidlash joizki,yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faolligini oshirishda davlatimiz rahbarining 2018 yil 18 dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi ilk katta o‘zgarishlarga asos bo‘lgan hujjat sanaladi.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha maqsadli dastur ishlab chiqildi. Davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya – sog‘lomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish bo‘yicha ommaviy tadbirlar o‘tkazib borilyapti.
Umrni uzaytirish, yoshlik va go‘zallikni imkon qadar uzoq muddat saqlab qolish masalalari insoniyatni hamisha o‘ylantirib kelgan. Qarish sur’ati esa nasliy omillar va atrof-muhitning ta’siri bilan chambarchas bog‘liq. Jismoniy qarish holatida inson nuroniy yoshigacha ham sog‘lomligini saqlay oladi, o‘zini eplaydi va tashqi yordamga ortiqcha ehtiyoj sezmaydi, ijtimoiy faolligini ham so‘ndirmaydi. Vaqtidan oldin qarish jarayoni esa, keksalik belgilarining erta namoyon bo‘la borishi bilan belgilanadi. Organizmning biron sabab bilan zo‘riqishi, tartibli jarayonning buzilishi, salbiy odatlar, masalan, ichkilik, kashandalik kabi sabablar qarish jarayonini tezlatadi.
– Qarish jarayoni irsiy omillarga ham bog‘liqmi?
– Albatta, irsiy omillar ham bu jarayonda juda katta ahamiyatga ega. Jismoniy keksayishda yosh bilan bog‘liq belgilar yurak qon-tomir va asab tizimidagi o‘zgarishlar bilan kechadi. Qariyalar va keksaya boshlagan insonlarning yurak urishi tezligi pastlashib boradi. Jismoniy zo‘riqishlar bilan bog‘liq bo‘lgan yurak qisqarishining to‘satdan tezlashib ketishi, yurak muskullarida qon aylanishining yetishmasligi og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, asab tizimining yomonlashuvi, xotiraning yaqin hodisalarga unutuvchanligi, ruhiy charchoq va sababsiz xafagarchiliklarni paydo qiladi. Rangdor va yorqin hodisalarga nisbatan befarqlik yuzaga chiqib, “o‘tgan kunlarga qochish” sindromi birinchi planga o‘tib oladi.
Ular asosiy vaqtlarini “xotiralar mamlakatida” yashab o‘tqazadilar yoki xayollarini mudom sog‘liqlari bilan bog‘liq muammolar, o‘zlaridagi kasalliklar sababli tushkun kayfiyatlar band qilib qo‘yadi. Ammo ba’zi paytlarda ularda yuqoridagi holatlarning butkul teskarisini ham ko‘rish mumkin, ya’ni ular keksalik muammolarini umuman tan olmaydilar, balki o‘z g‘ayratlari va harakatchanliklari bilan ba’zi yoshlarga o‘rnak ham bo‘la oladilar.
Organizmning qarish jarayoni va avj olishi mumkin bo‘lgan surunkali xastaliklar orasida yaqin bog‘liqliklar ham bor. Keksa yoshli insonlar orasida ateroskleroz xastaligi, yurakda qon ta’minotining yetishmasligi, yurak muskullarining siqilishi, infarkt-miokardi, bosh miyaning qon bilan qiyin ta’minlanishi va yana boshqa a’zolarning faoliyati buzilishi bilan bog‘liqdir.
Keksa yoshlilarda qon bosimining balandligi ateroskleroz xastaligining darakchisiga o‘xshaydi. Qandli diabet, osteoxondroz, radikulit, bo‘g‘imlar bilan bog‘liq kasalliklar ham shular jumlasidandir. Keksayganda paydo bo‘ladigan aqliy zaiflik – alsgeymer kasalligi esa 60 yoshdan o‘tib har olti nafardan bittasida uchraydi. Ovqatlanishda mo‘’tadillikni yo‘lga qo‘yish va semirishdan saqlanish, yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklardan har qanday yoshdagi insonlarni, shu jumladan, keksalarni ham bir muncha himoya qila oladi.
– Bilamizki, keksa insonlarning ko‘pchiligi uyqu me’yori buzilganidan shikoyat qiladi. Buning sababi nima?
– Keksa yoshdagi insonlarni kimyoviy dori-darmonlar bilan davolashda o‘ta ehtiyotkorlik va e’tibor talab qilinadi. O‘zbilarmonlik bilan davolanish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Keksa insonlarning ko‘pchiligi uyqu me’yori buzilganidan ham shikoyat qiladilar. Yosh o‘tishi bilan kechki uyquga bo‘lgan talab ham susayadi va 5-8 soatlik o‘ta sergak uyqudan ortig‘iga cho‘zilmaydi.
Uyqusizlik xastaligini iloji boricha kimyoviy dorilarsiz tartibga solgan ma’qul. Harakatlardagi faollikni oshirish, uyqudan oldin sayr qilish, kechki ovqatni uyqudan 3-4 soat oldin, achchiq choy va qahvasiz tanovul qilish, yotoqxonadagi haroratning 18-20 gradusdan oshmaslik va tushib ketmasligi, uyqu paytida umurtqa pog‘onasining qulay joylashishini ta’minlovchi to‘shak – bular barchasi keksa yoshdagi insonlarning xayrli dam olishlariga yordam beradi. Keksa yoshdagi insonlarda uchraydigan yana bir muammo – ichaklarning o‘z vaqtida bo‘shalish tartibining buzilishi bilan bog‘liq. Kam harakatlilik, suyuqlikni yetarli miqdorda ichmaslik, kimyoviy dorilar qabul qilish ham qabziyatga sabab bo‘ladi.
– Organizmda yosh bilan bog‘liq ijobiy jarayonlarni saqlash uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
– Mehnat va dam olishni to‘g‘ri shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish, faol harakat, o‘zaro oliyjanob munosabat organizmda ijobiy jarayonlarning bardavom bo‘lishiga yordam bera oladi. Mehnat va harakat uzoq umr garovi ekanligini unutmaslik kerak. Hayotga bo‘lgan muhabbatni saqlash, yillar davomida erishilgan yutuqlar, jamoada hurmatli, oilada e’tiborli bo‘lish singari omillar, insonning keksa yoshida ham navqiron ko‘rinishiga sabab bo‘ladi.
Ertalabki yengil gimnastika mashqlarini bajarish, keksa insonlarda katta ahamiyat kasb etadi. Har bitta organizmning o‘ziga xosligiga qarab, gimnastika mashqlari sekin-asta murakkablasha boradi. Uzoq davom etadigan piyoda sayrlar juda foydali. Toza havodagi jismoniy mehnatlar, bog‘ ishlari, baliq ovi ham keksalar uchun foydali. Issiq kunlarda quyoshning tik nuri tagida uzoq vaqt qolish, zo‘riqishga sabab bo‘luvchi jismoniy ishlarni to‘q qoringa bajarish mumkin emas. Uzoq masofaga yugurish mashqlari faqatgina ma’lum tayyorgarlikdan so‘nggina tavsiya qilinadi.
Darhaqiqat, yana bir jihatni alohida ta’kidlash muhimki, yoshlik va maftunkorlikni saqlashning eng muhim omili, bu qalb go‘zalligidir! Yosh va go‘zal ko‘rinishli insonlar yaxshi niyatli, oliyjanob, toza maqsadlar sari intiluvchan, o‘z hayotini boshqalar baxti uchun bag‘ishlay oladigan bo‘ladi. Davlatimiz rahbari esa yurtimizda ham jismonan, ham qalban sog‘lom aholini hamda yosh avlodni tarbiyalash Vatan taraqqiyoti uchun muhim omil ekanini hamisha eslatib keladi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.