Sog‘lom turmush tarzi har bir inson uchun muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13 fevral kuni o‘tkazilgan Olimpiya va Paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” g‘oyasi umummilliy harakatga aylantirilib, uni har bir oilaga olib kirish kerakligi yuzasidan barcha mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
Ana shu vazifa va topshiriqlar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyat sport, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tashabbusi bilan Sardoba, Oqoltin, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” umummilliy harakati doirasida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda yosh sportchilar, aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan vakillari ishtirok etdi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, har kuni 5000 qadam yurish sog‘lom turmush tarziga erishish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Bu jismoniy faollikning eng yuqori samarali shakli, chunki u odamni stresslardan ozod qiladi va mukammal ravishda yurak va qon aylanish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, yurish ishlashga va kundalik hayotini faol olib borishga ruhlantiradi.

—-Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida "Aholimizning 44 foizi jismoniy faol emas, 36 foizi to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaydi. Boshoqli va donli mahsulotlar, meva-sabzavotlar iste’moli kam. Tez tayyor bo‘luvchi va tarkibida kanserogen moddalar yuqori bo‘lgan mahsulotlar savdosi ko‘paygan. Bular turli kasalliklar va erta o‘limlarga sabab bo‘layapti"deya ta’kidlandi. Bu bejizga emas,— deydi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Tojixon Gafarova.— Chunki, kamharakatlik, sog‘lom turmush tarziga rioya etmaslik, me’yoridan ortiq ovqatlanish, zararli odatlar hisobiga aholimiz orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, yurak- qon tomir, asab, endokrin, hazm qilish va boshqa tizimlar bilan bog‘liq kasalliklar ko‘rsatkichi so‘nggi vaqtlarda bir muncha oshgan. O‘lim ko‘rsatkichi ham ana shu toifadagi bemorlar hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Eng asosiysi, bu turdagi kasalliklar ko‘rsatkichini faqatgina jismoniy faollik, sog‘lom turmush tarzini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yibgina kamaytirish mumkin.

5000 qadam yurishni hayotga kiritish uchun uning tartibini belgilash muhim. Chunki, har qanday jismoniy faoliyat uchun kunning eng yaxshi vaqti — ertalab va kechqurun. Bu vaqtlarda havo toza va insonning energiyasi yuqori bo‘ladi. Qolaversa, 5000 qadam yurishni yanada samarali qilish uchun velosipedda yurish, jamoaviy yurish, butun oila bilan kelishib yurish ancha darajada samara beradi. Bu esa, o‘z navbatida, yurak va qon aylanish tizimining yaxshilanishiga, qon quyuqlashishining va qandli diabetning oldini olishga, vaznni kamaytirishga, ruhiy salomatlikka erishishga yordam beradi. Shu bilan birga, stressdan qochishga, o‘zini yaxshiroq sezishga va kunlik hayotida kuchliroq, sog‘lomroq bo‘lishga olib keladi.
—Bu boradagi tadbirlarni ko‘r-ko‘rona qilib, bir-ikki marotaba o‘tkazib hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Faqatgina o‘zimizni aldaganimiz qoladi. Uni kundalik odatga aylantirish kerak. Ana shundagina Prezidentimiz ta’kidlamoqchi bo‘lgan maqsadga erishamiz,—deydi T. Gafarova.
Sardoba, Oqoltin, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” umummilliy harakat doirasida o‘tkazilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” targ‘ibot tadbirlari davomida ishtirokchilarga, aholi vakillariga mutaxassislar tomonidan piyoda yurish, uning inson salomatligini saqlashdagi ahamiyati to‘g‘risida ham ma’lumot va tavsiyalar berildi.
—Yoshim 67 da, turmush o‘rtog‘imning yoshi 65 da, mana bir necha yildirki, bomdod namozidan so‘ng sog‘lom hayot uchun 5000 qadam yayov yurishni odat tusiga kiritganmiz,—deydi sayxunobodlik Nurali bobo To‘ychiyev.—Bunga yurak- qon tomir tizimidagi muammo sabab bo‘lgan. Hansirash, ko‘krakning chap tomonidagi sanchiq, havo yetmay qolish, qon bosimining oshishi meni ancha qiynab qo‘ygandi. Shifoxonalarda davolanib chiqdim, hech natija bo‘lavermagach, kardiologlar tavsiyasi asosida oldiniga 1, keyinroq 2, xullas 5 kilometr yayov yuradigan bo‘ldim. Bir kishidan ko‘ra, ikki kishi yaxshiroq deya, turmush o‘rtog‘imni ham jalb etdim. Yaratganga shukr, mana uch yildirki, yurak bezovta qilgani, shifokorga borganim yo‘q. Qaytanga ancha yosharganman. Buni turmush o‘rtog‘im ko‘p marotaba ta’kidlaydi.
Sayxunobodlik Nurali bobo ta’kidlaganidek, "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari inson organizmini jismoniy faollikka jalb qiladi va yurak faoliyati yaxshilanishiga, umumiy energiyani oshirishga yordam beradi.
Muxtasar qilib aytganda, muntazam piyoda yurish — qon bosimini tartibga solib, kayfiyatni va organizmning umumiy holatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, qon bosimi va xolesterin miqdorini me’yorlashtiradi. Haftasiga kamida 5 marta, kuniga 30 daqiqa piyoda yurish esa yuqumsiz kasalliklar xavfini kamaytiribgina qolmay, insonlarning tetik va sog‘lom bo‘lishida asqatadi. Bu haqda Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida o‘tkazilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” targ‘ibot tadbiri davomida ko‘p marotaba aytildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri