Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan Boyovut tumanida, Oqoltin tumanining Saxovat, Alisher Navoiy, Yangi davr, Mirzaobod tumanining Bog‘iston mahallalarida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi doirasida sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyat sport, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Mahallalar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda yoshlar, o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan minglab odamlar ishtirok etdi. Unda ishtirokchilarga inson salomatligini saqlash, uzoq umr ko‘rish uchun o‘ta muhim bo‘lgan sport-sog‘lomlashtirish mashqlarining foydali tomonlari to‘g‘risida maslahat va zarur tavsiyalar berildi.

– Bundan tashqari, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari, tuman(shahar) tibbiyot birlashmalariga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarda, shifokorlik punktlarida “Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi” tashkil etilib, inson salomatligi uchun foydali va zarur bo‘lgan oziq-ovqatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan bo‘lsa, “Sog‘lom hayotga qadam tashla!”, “Biz, yoshlar chekishga qarshimiz!” kabi aksiyalar davomida zararli mahsulotlar, uning inson salomatligiga aks ta’siri to‘g‘risida ma’lumot va tarqatma materiallar taqdim etdik,–deydi Salomatlik va strategik rivojlantirish instituti Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Tojixon Gafarova.

Bilamizki, serharakatlik organizmni tabiiy ravishda rag‘batlantirib turadi. Shuning uchun serg‘ayrat, tinib-tinchimaydigan odamlar doimo tetik, bardam, keksayganlarida ham baquvvat va shijoatli bo‘ladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi bir necha o‘n yil ichida dunyoda ortiqcha vazn va semizlik muammosi ortib bormoqda. Buning oldini olishda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikning ahamiyati katta. Sirdaryoda o‘tkazilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasidan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu. Unda nafaqat 5000 qadam piyoda yurish, sportning turli yo‘nalishlarida sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi. Aholi, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari faol ishtirok etdi.

Muxtasar qilib aytganda, muntazam piyoda yurish qon bosimini me’yorlashtiradi, kayfiyatni va organizmning umumiy holatini yaxshilaydi. Haftasiga kamida 5 marta, kuniga 30 daqiqa piyoda yurish esa yuqumsiz kasalliklar xavfini kamaytiribgina qolmay, insonlarning tetik va sog‘lom bo‘lishida asqatadi. Bu Sirdaryoda o‘tkazilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasida o‘z ifodasini topdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri