Bugungi kunda bolalarda suyak-bug‘im tizimi kasalliklarini, jumladan, yassioyoqlik va skoliozning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, ularni barvaqt aniqlash hamda samarali profilaktika va reabilitatsiya choralarini takomillashtirish sog‘liqni saqlash sohasining dolzarb yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda Andijon davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Bolalarda yassioyoqlik hamda skolioz xastaliklarining kelib chiqish sabablari hamda ularni oldini olish va bartaraf etish yo‘llari: nazariya va amaliyot” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiya vakillari, deputatlar, soha mutaxassislari, tibbiyot olimlari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida ishtirokchilar bolalarda yassioyoqlik va skoliozni oldini olishga qaratilgan zamonaviy tibbiy anjomlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda mahalliy olimlar ushbu yo‘nalishda bir qator innovatsion loyihalarni amalga oshirmoqda va ularning natijalari amaliyotda samara bermoqda.
[gallery-25978]
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova anjumanda so‘zga chiqib, sog‘lom avlodni tarbiyalash davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, partiya tibbiy xizmat sifati va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirishga qaratilgan jamoatchilik nazoratini izchil yo‘lga qo‘ygan.
Mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, yassioyoqlik holatlarining 90 foizi orttirilgan bo‘lib, faqat 10 foizi tug‘ma nuqsonlardir. Bu ko‘p hollarda yetarli jismoniy faollikning yo‘qligi va oyoq mushaklarining zaifligi bilan bog‘liq. 3-6 yoshli bolalarda bu holat 35-58 foizgacha, 8-15 yoshlilarda esa 4-19 foiz atrofida uchraydi.
Ma’ruzalarda rigidli yassioyoqlikni konservativ usulda davolash samarasiz ekani, jarrohlik amaliyotlari – xususan, tovon suyagini uzaytiruvchi osteotomiya yoki artroerez kabi usullar yaxshi natija berayotgani qayd etildi.
Anjuman doirasida mamlakat tibbiyot oliygohlari olimlari ilmiy fikr va tajribalar bilan o‘rtoqlashdi. Savol-javob sessiyalari davomida sohadagi ayrim muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida mahorat darslari, klinik satellit sessiyalar va poster taqdimotlari o‘tkazildi. Ishtirokchilar ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda bolalar salomatligini mustahkamlashga qaratilgan qadamlarni yanada faollashtirish bo‘yicha kelishib oldi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari