“So‘g‘diyona” yana zafar quchdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 5-turidan o‘rin olgan 7 uchrashuvning 4 tasi bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 15-aprelidan Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tishi belgilangan U–23 yoshdagi olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga start beriladi. Shu munosabat bilan asosiy tarkibidan bir qator iqtidorli futbolchilari jalb etilgani superliganing “Olimpik”, “Nasaf”, “Paxtakor”, “Neftchi”, “Navbahor” va boshqa klublarining iltimoslari inobatga olinib, O‘zbekiston futbol assosatsiyasi chempionatimiz 5-turidan o‘rin olgan 3 uchrashuvni noma’lum muddatga ko‘chirdi.

Bugun Toshkentda Termizning “Surxon” va Olmaliqning OKMK jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan 5-turga yakun yasaladi.
Kuni kecha mazkur tur doirasida Jizzaxda “So‘g‘diyona” klubi Navoiyning“Qizilqum” jamoasini qabul qildi.

Ushbu, har tomonlama teng kuchga ega jamoalar mamlakat chempionati doirasida shu kungagacha 52 marotaba uchrashgan, bu bahslarning 20 tasida “So‘g‘diyona”, 19 uchrashuvda “Qizilqum” jamoasi g‘alaba qozongan, 13 bahsda kuchlar teng kelib, durang natija qayd etilgan. Har ikki jamoa bir- birining ustidan qozongan eng yirik hisobdagi g‘alabasi ham bir xil – 4:1.
Joriy mavsumning navbatdagi turi oldidan jizzaxliklar 4 uchrashuvdan 1 g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat bilan 5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 8-pog‘onada, mehmonlar esa 2 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat bilan 7 ochko yig‘gan holda 6-o‘rinda borayotgan edi.

Jizzaxda o‘tayotgan 5-tur bahsi ham teng kurashlar ostida, galma-gal hujumlar bilan boshlandi. O‘yinning birinchi bo‘limida maydon egalari nisbatan xavfliroq hujumlar tashkil etdi. Jizzaxlik futbolchilar o‘zlarining yosh iqtidorli hujumchisi Samandar Mavlonqulovni ikki bor yaqqol golli vaziyatga chiqardi, birinchi safar Samandarning zarbasi biroz noaniq ketgan bo‘lsa, ikkinchi martasida mehmonlar darvozaboni bilan yakkama yakka vaziyatga chiqqan Mavlonqulov “Qizilqum”ning legioner posboni Roberts Ozolsni aldab o‘ta olmadi.
O‘yinning 38-daqiqasida “So‘g‘diyona”ning serbiyalik legioneri, uchrashuvdan so‘ng “O‘yinning eng yaxshi futbolchisi”deb tan olingan Vladimir Yovovich ajoyib dribling bilan himoyachilarni orta qoldirib, jamoadoshlariga golli vaziyatni yaratib berdi. Bir necha urinishlardan so‘ng,Samandar Mavlonqulov gol kiritb hisobni ochdi – 1:0. Jamoalar ana shu hisob bilan tanaffusga chiqib ketdi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limida “Qizilqum” bosh murabbiyi Jamshid Saidov o‘z shogirdlarini jangovar ruhda tayyorlab chiqqani bo‘lim boshidayoq ko‘zga tashlanganini tan olish lozim. Navoiylik futbolchilar salkam butun bo‘lim davomida maydonda ustunlik qilib, ketma-ket hujumlar tashkil etdi. Ammo ikkinchi raqam ostida, ishonchli himoyalanib, qarshi hujum taktikasida to‘p surgan Ivan Boshkovich shogirdlari raqiblariga nisbatan ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratdi. Lekin har safar “Qizilqum” darvozaboni jamoasini yaqqol gollardan qutqarib qoldi.

Shunday qilib, ushbu uchrashuvda boshqa gol kirtish hech bir jamoaga nasib etmadi. “So‘g‘diyona” – “Qizilqum” – yakuniy hisob 1:0. Jizzaxliklar 8 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 6-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
Superliga 5-turi doirasidan o‘rin olgan Toshkentning “Lokomotiv” hamda Andijonning “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi bahs 1:2 hisobida mehmonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Toshkentdagi yana bir bahsda Samarqandning “Dinamo” jamoasini qabul qilgan “Bunyodkor” butun o‘yin davomida 1 kishi kam bo‘lib o‘ynaganiga qaramay,0:0 hisobidagi nursiz durangga imzo chekib, 1 ochkoli bo‘ldi.
Superliga bahslarida endi 1 oydan sal ko‘proq vaqtga tanaffus e’lon qilindi.Bu oralig‘da 1-liga, proliga va superliga klublari guruhlarga bo‘lingan holda O‘zbekiston kubogi bahslarida ishtirok etadi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri