Futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati oliy ligasida navbatdagi 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu turning markaziy uchrashuvi maqomini olishga da’vogar bo‘lgan Jizzaxning “So‘g‘diyona-Woman” xotin-qizlar klubi hamda Navoiyning “Qizilqum-Woman” ayollar jamoasi o‘rtasidagi o‘yin Jizzax futbol mahorat maktabi stadionida o‘tkazildi.
O‘yin kutilganidek, maydon egalarining hujumlari bilan boshlandi. Bu ustunlik uchrashuvning 7-daqiqasida hisobda o‘z aksini topdi. Jizzaxlik Ruhshona Saidabbosova “Qizilqum-W” jamoasi darvozasini ishg‘ol etib, hisobni ochdi – 1:0.

Ammo ana shu goldan so‘ng “So‘g‘diyona-W” qizlarida ishtiyoq sezilarli darajada susayib ketdi va aksincha Navoiy shahridan kelgan ayollar joriy chempionatda ochko ulashuvchi rolida ishtirok etmayotganliklarini namoyish etib, o‘tgan 2 turdan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelayotgani bejizga emasligini astoydil isbotlashga harakat qildi. Faqat tajribaning kamligi va mezbon darvozabonining mahorati “Qizilqum-W” klubi futbolchi qizlarining gol kiritishiga imkon bermadi.
Markaziy uchrashuv maqomiga xos ravishda, deyarli teng kurashlar ostida o‘tgan bahsning 83-daqiqasiga kelibgina “So‘g‘diyona-W” va chempionatimiz to‘purari Diyoraxon Habibullayeva 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etib o‘rtadagi farqni 2 taga yetkazdi. “So‘g‘diyona-W” – “Qzilqum-W” yakuniy natija 2:0.
...Bir qaraganda “So‘g‘diyona-W” uch uchrashuvda 3 ta g‘alabaga erishdi, peshqadamlar safida bormoqda, ammo aynan ana shu “Qizilqum-W” klubi qizlariga qarshi uchrashuv, oddiy jurnalist va muxlis sifatida O‘zbekistonning o‘tgan mavsumdagi vitse-chempioniga va joriy chempionatimiz g‘olibligiga da’vogar jamoasiga xos o‘yin namoyish eta olmadi, deb bemalol aytish mumkin.

Nazarimda, “So‘g‘diyona-W” Qashqadaryo viloyatining “Sevinch-W” ayollar jamoasiga qarshi kechgan O‘zbekiston super kubogi bahsidagi mag‘lubiyatidan so‘ng ularning o‘yinida ham, futbolchilarida ham qandaydir ruhiy tushkunlik kayfiyati hukmronga o‘xshaydi.
Jizzaxning ayollar jamoasi mehmon jamoaga qarshi kechgan bahsda xavfli vaziyatlarni tashkil etishda oqsadi, eng yomoni ijrosiga kelganda o‘ta sust harakat qildi. Ana shu vaziyatlarni golga aylantirishda “So‘g‘diyona-W” ayollar jamoasi bosh murabbiyi ishlarni yetarli darajada olib bormagan ko‘rinadi.
“So‘g‘diyona-W” hozir garchand turnir jadvali karvonboshilari bilan bir xil ochko jamg‘arib, yetakchilar qatorida borayotgan bo‘lsa-da, Qarshining “Sevinch-W” hamda Olmaliqning “OKMK-W” klublariga nisbatan gollarni kam kiritishgani va ulardan ko‘proq gol o‘tkazib yuborishgani so‘zimning isboti bo‘lsa kerak.

OKMK 3 tur davomida raqibalari darvozasini 17 marotaba ishg‘ol etib, o‘z darvozasidan bor-yo‘g‘i 1 ta gol o‘tkazib yuborgan va bu to‘plar nisbatiga ko‘ra +16 ni tashkil etadi. O‘zbekistonning amaldagi chempioni va chempionatimiz peshqadami “Sevinch-W” xotin-qizlarining ko‘rsatgichi esa barchanikidan yaxshiroq. Qarshilik ayollar raqibalari darvozasiga 27 ta gol kiritgan holda o‘z darvozalaridan hali birorta ham gol o‘tkazib yuborganlari yo‘q, ya’ni to‘plar nisbati +27!
Jizzaxlik ayollar garchand raqibalari darvozasiga 16 ta gol kiritgan bo‘lsada, o‘z darvozalaridan uch uchrashuvda 4 ta gol o‘tkazib yuborishdi. To‘g‘ri, jizzaxliklar uch uchrashuvda zafar quchdi, peshqadamlar safida va bu unchalik ham yomon ko‘rsatgich emas. Ammo chempionlikni maqsad qilgan jamoa uchun buni yaxshi natija deb ham bo‘lmaydi-da.
Sherali Boboqulov o‘z shogirdlar o‘yini, taktika va texnikasi va, asosiysi, ruhiy holati ustida jiddiyroq ishlamasa, bu yil ham chempionlik armon bo‘lib qolaveradi.

Xalqimizda, jo‘jani kuzda sanaydilar, degan dono naql bor. Lekin bugun erishilgan har bir ochko, urilgan har bir gol kuzga borib muhim ahamiyatga ega bo‘lishi, shubhasiz. “So‘g‘diyona-W” xotin-qizlar klubi rahbariyati suyukli jamoasi mamlakat chempioni bo‘lishini maqsad qilgan bo‘lsa, yakuniy xulosalar ustida bugundanoq jiddiyroq o‘ylab ko‘rishlari shart. Erta esa kech bo‘lishi aniq.
Shu o‘rinda O‘zbekistonning bir necha karra chempionligini qo‘lga kiritgan Toshkentning “Paxtakor”, Farg‘onaning “Neftchi”, poytaxtning “Bunyodkor” va Namanganning “Navbahor” (erkaklar) professional futbol klublari rahbariyati o‘zlarining xuddi shu nom ostida maydonga tushayotgan ayollar jamoalari haqida, menimcha umuman o‘ylab ham ko‘rishmayapti. Shunday nomdor jamoalarning xotin-qiz klublari 0:5, 0:7 va hatto 0:10 va hokazo fantastik hisoblarda mag‘lub bo‘lib, doimiy ravishda eng pastki o‘rinlarda yuraversa-yu bunga qarshi hech bir chora ko‘rilmasa, bu juda ham ajablanarli holat emasmi?
Chempionatda uch uchrashuvdan uchalasini ham g‘alaba bilan yakunlab, 9 tadan ochko jamg‘argan “Sevinch-W”, OKMK-W hamda “So‘g‘diyona-W” xotin-qizlar klublari peshqadamlik qilmoqda.
Jadvalni hali birorta ham ochko jamg‘ara olmagan Toshkentning “Paxtakor-W” ayollar jamoasi esa “autsayder” sifatida eng so‘ngi pog‘onani hech kimga “bermay” band etib kelmoqda.

№ Klublar (xotin-qiz) O‘ G‘ D M T/n O
1. “Sevinch-W” (Qarshi) 3 3 0 0 27-0 9
2. OKMK-W” (Olmaliq) 3 3 0 0 17-1 9
3. “So‘g‘diyona-W” (Jizzax) 3 3 0 0 16-4 9
4. “Lokomotiv-W” (Toshkent) 3 2 0 1 8-7 6
5. “Buxoro-W” (Buxoro) 3 1 0 2 6-14 3
6. “Navbahor-W” (Namangan) 3 1 0 2 4-19 3
7. “Qizilqum-W” (Navoiy) 3 0 2 1 1-3 2
8. “Bunyodkor-W” (Toshkent) 3 0 1 2 2-8 1
9. “Neftchi-W” (Farg‘ona) 3 0 1 2 0-14 1
10. “Paxtakor-W” (Toshkent) 3 0 0 3 5-16 0
A.Qayumov, O‘zA muxbiri