“So‘g‘diyona” mag‘lubiyatga uchradi
O‘zbekiston chempionatida 19-tur o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Ushbu turda Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi Bekobod shahrida mahalliy “Metallurg” klubining mehmoni bo‘ldi.
Uchrashuv maydon egalarining bosimi ostida boshlandi. “Metallurg” futbolchilari jizzaxliklar darvozasi oldida bir necha xavfli vaziyatlarni vujudga keltirdi va uchrashuvning 29-daqiqasiga kelib, bellashuvni boshqargan hakam Asker Najafaliyev VAR aralashuvidan so‘ng to‘p jarima maydoni ichida jizzaxliklar himoyachisi qo‘liga tekkani sabab “So‘g‘diyona” darvozasi tomon 11 metrlik penalti belgiladi. Jarima zarbasini bekobodliklar futbolchisi Bektemir Abdumannonov darvozaga aniq yo‘lladi – 1:0.
Mehmonlarning ketma-ket hujumlaridan keyin uchrashuvning birinchi bo‘limiga qo‘shib berilgan (45+1) daqiqada Shahboz Jo‘rabekovning to‘p uzatishidan so‘ng Abdujalil Manazarov o‘rtadagi farqni tenglashtirdi – 1:1.

Uchrashuvning 2-bo‘limi tomonlarning teng kurashlar ostida qarama-qarshi hujumlari bilan o‘tdi. Harchand urinmasin har ikkala jamoa a’zolari gol kiritishning uddasidan chiqmadi. Qo‘shib berilgan 90+5 daqiqada o‘yinni boshqargan hakam yana bir bor VARga murojaat qilib, “So‘g‘diyona” darvozasi tomon shu o‘yinning o‘zida 2-bor 11 metrlik jarima belgiladi. Bektemir Abdumannonov “So‘g‘diyona”ning serbiyalik posboni Milan Mitrovichga bu safar ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 2:1.
“So‘g‘diyona” Bekoboddagi mag‘lubiyatdan so‘ng esa “So‘g‘diyona” chempionlik bahsida o‘z imkoniyatlarini ancha qiyinlashtirib qo‘ydi.
O‘zbekiston chempionati 19-turining qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: AGMK (Olmaliq) – “Paxtakor” (Toshkent) – 0:2, “Nasaf” (Qarshi) – “Qo‘qon-1920” (Qo‘qon) – 2:1, “Navbahor” (Namangan) – “Qizilqum” (Navoiy) – 1:0, “Olimpik” (Toshkent) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 1:1, “Surxon” (Termiz) – “Lokomotiv” (Toshkent) – 2:1, “Neftchi” (Farg‘ona) – “Dinamo” (Samarqand) – 4:1.
Endi milliy chempionatimizda FIFA kunlari munosabati bilan superligada qisqa muddatli tanaffus bo‘ladi.
A.Qayumov, O‘zA