Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida 10-tur o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Butun mavsum davomida 30 ta tur o‘tishini hisobga olsak, bu chempionatning uchdan bir qismi o‘tib bo‘ldi, deganidir.
Joriy yilgi mamlakat birinchiligida omadi chopmayotgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” professional futbol klubi bu turda ham muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi.
Termizda mahalliy “Surxon” va “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi bahsning birinchi bo‘limi ancha zerikarli va sust o‘tdi. Darvozalar oldidagi xavfli vaziyatlar ham deyarli barmoq bilan sanarli bo‘lib, ana shu kam sonli vaziyatlardan maydon egalari ham, mehmonlar ham foydalana olishmadi. Natijada jamoalar 0:0 hisobida tanaffusga chiqishdi.
Uchrashuvning 2-bo‘limida o‘yin biroz jonlandi. Maydon egalariga qaraganda “So‘g‘diyona” ko‘proq oldinga intildi va bir necha xavfli vaziyatlarni yaratdi ham.

Mehmonlarning makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev bir necha bor o‘zining xavfli zarbalarini raqib darvozasi tomon yo‘llab ko‘rdi. Ammo aniq bo‘lishi mumkin bo‘lgan zarbalarni himoyachilar qaytarishgan bo‘lsa, ulardan o‘tganlari esa darvozaga aniq bormadi. Nazarimda Lyupchoning qanday xavfli futbolchi ekani va nimalarga qodirligini superligadagi deyarli hamma jamoa murabbiylari o‘rganib bo‘lishgan va buni shogirdlariga ham uqtirib qo‘yishgan ko‘rinadi.
Bir necha turdirki, makedoniyalik gol kirita olmayapti. Chunki Doriyevga to‘p kelib tushishi bilan uning qarshisida 2, hatto 3 nafargacha futbolchi paydo bo‘lmoqda. Tabiiyki, bu iqtidorli futbolchining vaziyatni o‘zi yakunlashiga bo‘lgan harakatlari jamoani oldinga tortayapti, deya olmaymiz.
Futbolda yozilmagan qoida bor: “Sen urmasang, senga gol urishadi” degan. Bu qoida bu gal ham o‘z isbotini topdi. O‘yinning 56-daqiqasida maydon egalarining tezkor qarshi hujumida mehmonlar tomonidan o‘yin qoidasi buzildi. “Surxon”ning rossiyalik legioneri Dmitriy Pletnyov to‘pni "nobop" o‘rnatilgan jonli devordan o‘tkazib, darvoza burchagiga “mixlab” qo‘ydi – 1:0.

O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng mehmonlar hujumlar sonini oshirdi va oradan 6-7 daqiqa o‘tib, Lyupcho Doriyevning ajoyib “pas”idan so‘ng legioner futbolchi, Tojikiston terma jamoasi a’zosi Ehsoni Panshanbe hisobni tenglashtirdi – 1:1.
Futbol muxlislarining yodida bo‘lsa, 8-turda Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi o‘yinda ham aynan Doriyevning uzatmasidan so‘ng jizzaxliklarning yosh iqtidorli futbolchisi Sardorbek Hoshimov gol kiritgan edi.
“So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich shogirdi Lyupcho Doriyevni to‘purarlikka chorlamay, undan ko‘proq “dispecher” sifatida foydalansa, jamoasi bugungidek qiyin ahvolga tushib qolmagan bo‘larmidi?
“So‘g‘diyona”ning o‘tkazib yuborayotgan gollarini tahlil qilsak, ularning asosiy qismi jizzaxliklarning oddiy vaziyatlarda to‘pni raqibga topshirib qo‘yishlari yoki jarima maydonlari yaqinida o‘yin qoidasini buzishlari oqibatida yuz berayotganiga guvoh bo‘lamiz.

“So‘g‘diyona” futbolchilarining yana bir antirekordi– o‘z darvozalarini o‘zlari ishg‘ol etayotgani. Ularning o‘tkazib yuborgan gollarining 3 tasi jamoa futbolchilariga “avtogol” sifatida rasmiylashtirildi. Bu chempionatimizdagi “eng yuqori” natija.
Bu o‘yinda ham maydon egalarining “dioganal” uzatmasini mehmonlar o‘yinchisi boshi bilan qaytardi, ammo to‘p to‘g‘ri “Surxon” futbolchisi Asilbek Jumayevning oyog‘iga kelib tushdi. Asilbek esa o‘sha zahoti darvoza tomon kuchli zarba yo‘lladi. Jizzaxliklarning yosh posboni Muhammadyusuf Sobirov zarbani qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan “Surxon” o‘yinchisi Muhammadali Abdurahmonov darvozani ishg‘ol etdi. O‘yinning 72-daqiqasida kiritilgan bu gol maydon egalariga g‘alaba keltirdi. Yakuniy hisob – 2:1.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich o‘yin haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. U jumladan shunday dedi: – Ruhiyatni tushirish emas, ko‘tarishimiz kerak, chunki biz mag‘lub bo‘lganimiz bilan mardonavor o‘yin namoyish qildik. Istalgan o‘yinda biz holatni xohlagan tomonga o‘zgartirib yuborishimiz mumkin edi. Ammo futbolda faqatgina yaxshi o‘ynash emas, xarakter orqali ochkolarni olishni ham bilish kerak. Raqobatlashish va unda ruhiyatni tushirmasdan jamoaviy xarakterni ko‘rsatsakkina ochkolarni qo‘lga kiritishimiz mumkin. Futbolchilarga o‘yin uchun hech qanday e’tirozim yo‘q, ular qattiq harakat qilishdi.
Murabbiyning so‘zlariga qo‘shilish mumkindir, lekin “So‘g‘diyona” mag‘lubiyatlar girdobidan chiqa olmayapti. Balki jamoaga qanday omillar yetishmayotganini klub rahbariyati tushuntirib berar?!

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri