“So‘g‘diyona” (Jizzax) – “Surxon” (Termiz) – 2:1
Joriy yilning 1 aprel kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Superligasining 4-tur i o‘yinlariga start berildi.
Ushbu turda 3 o‘yindan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” futbol klubi Termizning “Surxon” jamoasini o‘z maydonida qabul qildi.
O‘yin kutilganidek jizzaxliklarning hujumlari bilan boshlandi. Ammo Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari bir necha xavfli vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi.
Surxondaryo viloyati futbolchilari ham qarshi hujumlarni amalga oshirdi va birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda to‘p “So‘g‘diyona” futbolchisining qo‘liga tegdi.
Uchrashuv bosh hakami Asker Najafaliyev jizzaxliklar darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi.
“Surxon” jamoasining 7-raqamli futbolchisi Islom Toshpo‘latov 45(+2)-daqiqada penaltini aniq bajarib, “So‘g‘diyona” posboni Shirinboy Abdullayevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Natijada “So‘g‘diyona” – “Surxon” uchrashuvining birinchi bo‘limi 0:1 hisobida yakun topib, futbolchilar tanaffusga chiqdi.
Tanaffusda “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyevdan kerakli ko‘rsatmalarni olgan jizzaxlik futbolchilar, bosimni oshirib, termizliklar darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlarni yarata boshladi va bu urinishlar uchrashuvning 59-daqiqasiga kelib o‘z samarasini berdi. “So‘g‘diyona” to‘purari Shohruz Norxonov jamoadoshi Arslanmirat Amanov tomonidan oshirib berilgan to‘pni “Surxon”lik Akrom Xodjayev qo‘riqlayotgan darvozaga boshi bilan aniq yo‘lladi. Hisob – 1:1.
Shundan so‘ng, “So‘g‘diyona” yanada hujumkor harakatlarni amalga oshirdi. “Surxon” esa durang hisobini ushlab qolishga harakat qildi.
Ammo uchrashuvning 88-daqiqasida Jizzax viloyati futbolchilari o‘z jamrima maydonchasida o‘yin qoidasini buzdi va uchrashuv hakami Asker Najafaliyev jizzaxliklar darvozasi tomon shu uchrashuvning o‘zida 2-bor penalti belgiladi.
Ammo Islom Toshpo‘latovning zarbasi bu safar noaniq bo‘ldi va to‘p darvoza to‘siniga tegib maydonga qaytdi...
Futbolda “Sen urmasang, senga uradi” deyishadi. Ishqibozlarning shu naqli bu safar ham o‘z isbotini topdi. Uchrashuvga hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘ngi pallasida Javohir Qahramonovning uzatmasiga hammadan avval yetib borgan Shohruz Norxonov aniq zarba berib, “Surxon” darvozasini ikkinchi bor ishg‘ol etdi. Shohruz o‘z nomiga dubl rasmiylashtirib qo‘ydi va u hozircha jami 4 gol bilan chempionatimizda to‘purarga aylandi.
Tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqargan “Surxon”, yakuniy hisobda “So‘g‘diyona”dan 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Jizzaxlik futbolchilar ushbu irodali g‘alabasidan so‘ng ochkolari sonini 10 taga yetkazib oldi va 3 uchrashuvdan 9 ochko jamg‘arib birinchi o‘rinni band qilib turgan O‘zbekistonning amaldagi chempioni “Paxtakor”dan karvonboshilikni tortib oldi. Lekin toshkentliklar 4-tur doirasida 2 aperl kuni Bekobodning “Metallurg” jamoasini o‘z uylarida qabul qiladi.
A.Qayumov,O‘zA