“So‘g‘diyona” ilk bahsini g‘alaba bilan boshladi
“OFK kubogi-2022” bahslariga start berildi.
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” professional futbol klubi xalqaro maydondagi birinchi bahsini muvaffaqiyatli boshladi.
OFK kubogi “E” guruh 1-tur doirasidagi “So‘g‘diyona” (O‘zbekiston) – “Neftchi” (Qirg‘iziston Respublikasi) o‘yini bo‘lib o‘tdi. Bahs Ulug‘bek Baqoyev shogirdlarining ustunligi va bosimi ostida boshlandi.

O‘yinning birinchi bo‘limiga hindistonlik hakam Srikrishna Komibatore tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda jizzaxliklar sardori Jasur Hasanovning burchakdan uzatgan to‘piga hammadan avval yetib borgan “So‘g‘diyona”ning serbiyalik legioneri, uchrashuvdan so‘ng “O‘yinning eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan Luka Chermel raqib darvozabonini dog‘da qoldirdi – 1:0. Jamoalar ana shu hisob bilan tanaffusga chiqdi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limi qirg‘iz futbolchilarining hujumlari bilan boshlandi. O‘zbekistonliklar darvozasi oldidagi xavfli vaziyatlarni “So‘g‘diyona” darvozaboni bartaraf etdi.

Uchrashuvning 53-daqiqasida “So‘g‘diyona”ning eng tajribali futbolchisi, tinib-tinchimas Jasur Hasanov uzatgan to‘pini jizzaxliklarning yana bir serbiyalik legioneri Marko Kolakovich raqib darvozasiga aniq yo‘llab, o‘rtadagi farqni 2 taga yetkazdi.
“So‘g‘diyona” OFK kubogidagi ilk bahsini g‘alaba bilan boshladi va qo‘shni Qirg‘iz Respublikasining “Neftchi” klubini 2:0 hisobida dog‘da qoldirdi.

Dushanbening SSKA va Turkmanistonning “Oltin Asr” o‘rtasidagi bahsda durang qayd etildi – 1:1. Bu durangdan so‘ng “So‘g‘diyona” 3 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi.
OFK kubogi “Ye” guruhi 2-tur o‘yinlari 27 iyun, dushanba kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni “So‘g‘diyona” maydon egalari, Dushanbe shahrining SSKA jamoasiga qarshi maydonga chiqadi.
A.Qayumov, O‘zA