Sog‘lom turmush va ma’naviy kamolot
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Jizzax viloyatida 2003-2015-yillarda 121 sport inshooti bunyod etildi.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Jizzax viloyatida 2003-2015-yillarda 121 sport inshooti bunyod etildi.– Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sporti inshootlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘lami ham, bu ezgu ishda qatnashayotgan homiylar hissasi ham ortib borayotir, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Jizzax viloyati filiali direktori O‘ktam Mamatqulov. – 2015-yilda jamg‘armaning viloyat filiali hisob-raqamida homiylar tomonidan 2,1 milliard so‘m mablag‘ jamg‘arilgani fikrimiz tasdig‘idir. Bu mablag‘ yosh sportchilarning xorijga chiqishi, maxsus maktab-internatlar o‘quvchilari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazish, sportchilarni rag‘batlantirish va mahallalarda sport maydonchalari qurishga yo‘naltirilmoqda.
Sport inshootlari qurish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bolalarni ommaviy sportga jalb etish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda. Viloyatdagi umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda ta’lim olayotgan 259 mingdan ziyod o‘quvchining 85 foizdan ortig‘i sport bilan muntazam shug‘ullanayotir.
Ommaviy sportni rivojlantirishda o‘quvchilar, ayniqsa, qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ayol murabbiyalarni ko‘paytirishga qaratilayotgan e’tibor yaxshi samara bermoqda. Ta’lim muassasalari va bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida o‘tkazilayotgan turli musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va sportning ommaviyligini oshirishda muhim omil bo‘layotir. Bunda qishloq hududlariga alohida e’tibor qaratilayotir. 2015-yilda o‘quvchilar o‘rtasida tashkil etilgan 342 musobaqaning 292 tasi qishloq hududlarida o‘tkazilgani fikrimiz dalilidir.
– Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor qishloqlarda ham shahardagidan qolishmaydigan sport inshootlari barpo etish imkonini berayotir, – deydi Do‘stlik tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Abdumutal Husanov. – Jamg‘arma tomonidan maktabimizning yangi binosi qurib bitkazilmoqda. Zamonaviy futbol stadioni, yopiq suv havzasi, gimnastika, sport zallari va boshqa inshootlardan iborat yangi majmua tumanda bolalar sportini yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasizdir.
Sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar yoshlarning sog‘lom voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maktab yoshidagi bolalarda sog‘lik guruhi bo‘yicha o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, 2015-yilda o‘tkir virusli infeksiyalar bilan kasallanish 10-15 yoshli o‘smirlar o‘rtasida 2004-yilga nisbatan 28 foizga, pnevmoniya 26 foizga, bronxit 37,6 foizga, skolioz 22,6 foizga kamaygan. Mutlaq sog‘lom bolalar 11,4 foizga ko‘paygan.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida sport, xususan, bolalar sportini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.