Sog‘lom kelajakning mustahkam poydevori
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o‘rni va mavqeini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, salomatligini mustahkamlash borasida ko‘lami va miqyosiga ko‘ra beqiyos islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o‘rni va mavqeini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, salomatligini mustahkamlash borasida ko‘lami va miqyosiga ko‘ra beqiyos islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda xotin-qizlarni salomatlikning muhim omili bo‘lgan jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, sportning qizlarga mos turlarini ommalashtirish, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir.
Orzular ro‘yobi
– Bir kuni onamga tumanda voleybol bo‘yicha maktablararo musobaqada qatnashish uchun jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz bo‘yi baland qizlarni yig‘ib, jamoa tuzmoqchiligini, shu jamoaga meni ham taklif qilganini aytganimda onam: “Esing joyidami? Qiz bolaga “badibol”ni kim qo‘yibdi? Endi musobaqama-musobaqa yurishing qoluvdi. Bu gapni otang eshitsa, naq boshimiz baloga qoladi-ya! Uyda jim o‘tir, deb urishib bergandi, – deb eslaydi chimboylik Gulnora Janabayeva.
Gulnora opa shu voqeani so‘zlab beradiyu, miyig‘ida kulib qo‘ya qoladi: bolaligimda chaqqon, tinib-tinchimas edim, sportga qiziqishim bor edi. Ammo u paytlarda shart-sharoit tangligi, maktablarda imkoniyat yetarli emasligi, bu yog‘i qishloqchilik – qiz bola uyda o‘tirishi kerak, degan tushuncha sport bilan shug‘ullanishimga imkon bermasdi.
U paytlar bunday voqealarni har bir oilada ko‘rish mumkin edi. Farzandlarining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishini keraksiz yumush, ortiqcha daxmaza, deb qaraydiganlar ko‘p edi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, minglab ayollarning bolalikdagi orzusi farzandlari, nevaralari timsolida o‘z ijobatini topmoqda. Chunki jamiyat o‘zgardi, odamlar, ularning dunyoqarashi, sportga munosabati o‘zgardi. Ota-onalar farzandlarining har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida sport muhim ahamiyatga ega ekanini anglab yetdi. Ayniqsa, qiz bolalarni sportga keng jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Masalaning muhim jihati shundaki, sport bilan shug‘ullangan qiz bola ertaga ona bo‘ladi, sog‘lom zurriyodni dunyoga keltiradi. Ayni paytda o‘z farzandiga sportga mehr tuyg‘usini singdiradi.
Bugungi kunda millionlab xotin-qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Agar 1999-yilda yurtimizda faoliyat yuritgan ayol murabbiyalar uch mingga yaqin bo‘lsa, 2012-2013-yillar davomida bu ko‘rsatkich 15 ming nafardan oshib ketdi. Prezidentimizning 2010-yil 1-apreldagi “Qishloq joylardagi bolalar sporti obyektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ayol murabbiyalar faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bugun sportchi qizlarimizning nufuzli musobaqalarda – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari barchamizni quvontirmoqda. Ular erishayotgan yuksak natijalar davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda. 30 nafar sportchi qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani buning dalilidir.
Sog‘lom va go‘zal bo‘lish siri
Tibbiyot mutaxassislarining ta’kidlashicha, hech bo‘lmasa kunning yarim soatini badantarbiya bilan shug‘ullanishga sarflagan kishining tanasida, ruhiyatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilar ekan. Ya’ni, charchoq yo‘qoladi, ishtaha ochiladi, kayfiyat ko‘tarilib, turli stress holatlarga barham beriladi. Jismoniy tarbiya va sport organizmning funksional imkoniyatlarini oshirib, tananing uyg‘un rivojlanishiga xizmat qiladi, jismonan baquvvat, sog‘lom qiladi, irodani mustahkamlaydi.
Bu sog‘lom va go‘zal bo‘lishga intiladigan nazokat sohibalari uchun foydali. Masalan, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanish qizlarning go‘zal va sog‘lom bo‘lishiga yordam berib, yurishi va harakatlariga nazokat bag‘ishlasa, voleybol, basketbol, gandbol singari jamoaviy o‘yin turlari har tomonlama proporsional rivojlanishga ta’sir ko‘rsatadi.
Sportning yakkakurash turlari qo‘l, oyoq, tana mushaklarining baquvvat bo‘lishiga xizmat qiladi, o‘zini himoya qilish, sabr-toqat va chidamga o‘rgatadi. Shaxmat aqlni charxlashi hammaga ma’lum. Badminton va stol tennisi ko‘zni ravshanlashtirib, tana a’zolarining uyg‘un harakatlanishi natijasida organizm har tomonlama sog‘lom bo‘ladi. Suv sporti ko‘p xastaliklarning oldini olish va asoratlarini davolash, tanada qon aylanishi va mushaklar faoliyatini yaxshilash, asab tizimi, nafas yo‘llari kasalliklari profilaktikasida muhim ahamiyatga ega.
E’tibor berganmisiz, sport bilan shug‘ullangan xotin-qizlar kundalik hayotda faol, harakatchan bo‘lishadi. Ozgina vaqtini jismoniy mashg‘ulotga bag‘ishlagan ayolning oyna oldida soatlab o‘tirishiga hojat qolmaydi.
– Sport bilan shug‘ullanish ayol kishining ruhiyatiga, sog‘lig‘iga, ayniqsa, oila mustahkamligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Masalan, biron-bir mashqni bajarish uchun harakat qilish, maqsad sari intilish, jur’at, abjirlik xususiyatlari rivojlanadi, vazn me’yorlashadi, organizmning turli kasalliklarga kurashuvchanligi ortadi. Oilada sog‘lom muhit yaratiladi, o‘zini farzandlariga o‘rnak qilib ko‘rsata oladi, ularni foydali mashg‘ulotga jalb etib, turli zararli illatlardan himoya qila oladi.
Zamira Aliyeva o‘n ikki yoshidan sportning karate turi bilan muntazam shug‘ullandi.
U 2007-yili Toshkentda karate bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘sha yili Malayziyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatining kata va kumite bahslarida ikki oltin va bitta kumush medalga sazovor bo‘ldi. 2008-yili Italiyaning Jesola shahrida o‘tgan jahon chempionatida jamoaviy kumite bahsida kumush, yakka kumite musobaqasida bronza medal bilan taqdirlandi. Xitoy, Bolgariya, Gollandiya singari davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda ham munosib ishtirok etdi. 2012-yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Sport Zamiraning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga katta hissa qo‘shdi. U bilan suhbatlashganimizda sport, avvalo, salomatligini mustahkamlash va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga yordam berganini aytgandi.
E’zozli ayollar
Soat tonggi 6:45. Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da bir guruh ayollar musiqa sadolari ostida gimnastika mashqlarini bajarmoqda. Ellik yoshdan sakson besh yoshgacha bo‘lgan bu onaxonlarning harakatlaridagi tetiklikni ko‘rib, havasingiz keladi.
Bu – “E’zozli ayollar” ko‘ngillilar guruhining har kungi mashg‘ulotidan lavha.
– Guruhni tashkil etishimizdan maqsad uyda o‘tirgan, nafaqa yoshidagi ayollarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etishdir, – deydi guruh rahbari Farog‘at Shodimetova. – O‘tgan vaqt davomida biz o‘z maqsadimizga erishdik. Avvaliga 10-15 ayol qatnashgan bo‘lsa, bugun guruhimizga 200 nafardan ziyod ayol a’zo. Bundan tashqari, qizlar, kelinlar, nevaralarimizni ham guruhga jalb etyapmiz. Hozir guruhimiz safi yanada kengaymoqda, mahallalarda, viloyatlarda ham ana shunday sportga ishtiyoqmand ayollardan iborat guruhlar tashkil etilmoqda.
Guruh a’zolarining aytishicha, tonggi musaffo havo, bog‘ning so‘lim tabiati, ishtirokchilarning ahil-inoqligi nafaqat salomatlikni mustahkamlashga, balki kayfiyatni ko‘tarish, ruhni tetiklashtirishga ham yordam beradi.
– Mashg‘ulotlar onaxonlarning yoshi va salomatlik darajasini inobatga olgan holda maxsus dastur asosida olib boriladi, – deydi murabbiya Arofat Tursunova. – Mashqlarni dastlab ko‘zni chiniqtirishdan boshlaymiz. Quyoshning chiqishini tomosha qilish kishiga naqadar yaxshi kayfiyat bag‘ishlashini guruhimizdagilardan so‘rang. Keyin bosh, yelka, tana, qo‘l, oyoq mashqlarini bajarishga kirishamiz.
Ishtirokchilar bu mashg‘ulotlar ularning sog‘lig‘iga, kayfiyatiga, hayotiga naqadar ijobiy ta’sir ko‘rsatganini alohida ta’kidlashdi.
– Avvallari yuragim bezovta qilib turardi, – deydi Inobat Abdunabiyeva. – Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga qatnayotganimga to‘rt yilcha bo‘ldi. Boshida biroz qiynaldim, asta-sekin o‘rganib ketdim. Ishonasizmi, ikki yildirki yuragim umuman bezovta qilmaydi, o‘zimni tetik, bardam sezaman.
– Harbiy bilim yurti kutubxonasida ishlaganman, hozir pensiyadaman, – deydi Farog‘at Ahmedova. – Bir umr harakatda yurgan odam uyda o‘tirib qolsa, yomon bo‘larkan. Oyog‘im og‘rib, yurishga qiynaladigan bo‘lib qoldim. Bir yildan beri singlim bilan mashg‘ulotlarga qatnab, salomatligim yana tiklandi. Qishu yoz mashqlarni kanda qilmayman. Oila a’zolarim ham xursand.
Ha, oila, ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, o‘z salomatligi uchun vaqt topayotgan, xotin-qizlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan va bu harakatlari oila a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ayollar chin ma’noda e’zozli ayollardir.